Jahon | 10:22 / 29.11.2016
11581
2 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonning mustaqillik yillaridagi uchta asosiy yutug‘ini sanab o‘tdi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonning mustaqillik yillarida erishgan uchta asosiy yutug‘ini sanab o‘tdi. U bu haqda 28 noyabrda "Rossiya 24" telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz portali.
 
"25 yil ichidagi yutuqlarimiz orasida 1-raqamlisi – Qozog‘iston davlatini noldan qurganimizdir. Ikkinchi yutug‘imiz – poytaxtimiz qurilishi. Uchinchi yutug‘imiz – bizning tashqi siyosatdir, bunda biz barcha qo‘shnilarimiz bilan do‘stona munosabatlar qurmoqdamiz", deb aytdi Nazarboyev. 

Nazarboyev mamlakat poytaxti Astanani brend deb hisoblashini aytdi. "Bu yerda barcha muhim voqealar o‘tadi. Har gal kelganingizda bu yerda nimadir o‘zgarganini ko‘rasiz. Albatta, bu amalga oshirilgan orzudir", deb ta'kidlab o‘tdi Nazarboyev. 

24 noyabrda Nazarboyev Astananing uning nomi bilan qayta nomlanishi taklifiga izoh bergandi. "Men bu uchun barchaga hamda parlamentga bizning taraqqiyotimiz bosqichlari qayd qilib o‘tilgan deklaratsiya uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Mening rolimni qayd qilib o‘tishdi. Albatta, inson sifatida bu menga yoqimlidir", deb aytgandi Qozog‘iston prezidenti.

23 noyabrda Qozog‘iston parlamenti deputati Kuanish Sultanov Astanani Nazarboyev nomi bilan qayta nomlashni taklif qilgandi. "Mamlakat konstitutsiyasida bizning birinchi prezidentimiz – millat yetakchisining davlatimiz qurilishidagi ulkan hissasini qayd qilib, Elboshining nomini poytaxt nomida va mamlakatning boshqa muhim obektlari nomida aks ettirishni taklif qilamiz", deb aytilgan deputat o‘qib eshittirgan deklaratsiyada. Deputatning bu taklifini boshqa deputatlar ham jo‘shqin qo‘llab-quvvatlaganlar. 

 

Mavzuga oid