Rossiyaning 2 mln pora bilan qo‘lga olingan sobiq vaziri o‘rniga yangi vazir tayinlanadi

Foto: © RIA Novosti
Vladimir Putin Moliya vaziri o‘rinbosari Maksim Oreshkinni Rossiya iqtisodiy rivojlanish vazirligiga tavsiya etdi.
"Maksim Stanislavovich, siz bu sohada yaqinda ish boshlagansiz, lekin kam ham emas. O‘tgan vaqt ichida muvaffaqiyat bilan faoliyat ko‘rsatdingiz. Men sizga Rossiya iqtisodiy rivojlanish vazirligini boshqarishni taklif qilaman", — degan Putin.
"Men roziman", — deya javob qaytargan Oreshkin.
Shu tariqa, 34 yoshli Oreshkin hozirgi Vazirlar mahkamasidagi eng yosh vazir bo‘ladi — u Aloqa vaziri Nikolay Nikiforovdan bir oyga kichik.
Oreshkin suhbat vaqtida prezidentga 2 yildan buyon Moliya vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgani, ungacha Moliya vazirligida departament direktori bo‘lgani va bank sohasida ("VTB Kapitale", Rosbank va Markaziy bank) ishlagani haqida aytib o‘tgan.
Putin unga u boshqaradigan vazirlikdagi faoliyati muhim pallalar ekanini qayd etib o‘tgan.
"Keyingi yil uchun oldimizda turgan asosiy vazifamiz — Rossiya iqtisodi o‘sishiga mavjud tarkibiy to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlarini tayyorlash", — degan Oreshkin.
Prezident unga yangi lavozimida muvaffaqiyatlar tilagan.
Rossiya iqtisodiy rivojlanish vazirligi rahbarligi lavozimi 15 noyabr kuni prezident Putin tomonidan Aleksey Ulyukayev ishdan bo‘shatilgach, bo‘sh qolmoqda edi. Sobiq vazir 2 million dollar miqdorida pora bilan qo‘lga tushgan va ishonchni yo‘qotgan.
Sud majlisi chog‘ida tergovchi Roman Nesterov Ulyukayevning jinoyatga aloqadorligi isbotlanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2 million dollarlik pora Ulyukayev o‘z vazirlik vakolatlari doirasida amalga oshirishi kerak bo‘lgan harakatlar uchun olingan.