Jahon | 18:29 / 30.11.2016
17248
4 daqiqa o‘qiladi

Turkiyalik ekspert Erdo‘g‘anning Asadni ag‘darish haqidagi bayonotiga izoh berdi

© AP Photo

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an turk armiyasi Suriyaga Bashar Asad rejimini ag‘darish uchun kirgani haqida xatolik tufayli bayonot bergan bo‘lishi mumkin. Bu fikr Anqaradagi Strategik tadqiqotlar markazi (Kafkassam) direktori Hasan O‘qtoy tomonidan bildirilgan.

Erdo‘g‘an Istanbulda Falastin masalasiga bag‘ishlangan simpoziumda chiqish qilishi vaqtida Turkiya armiyasi Suriyadagi amaliyotini Bashar Asad hukumatini ag‘darishga qadar davom ettirish maqsadida ekanini aytib o‘tgandi.

"Suriyada 600 ming nafar odam halok bo‘ldi, deyishadi. Lekin mening fikrimcha, ularning soni millionga yaqin bo‘lgan. BMT qani? Bu tashkilot nima qilyapti? Biz uzoq vaqt sabr qildik, ammo oxir-oqibat Suriya ozodlik armiyasi bilan Suriyaga kirishga majbur bo‘ldik.

Biz haqiqatni tiklash va mamlakatda davlat terrorchiligini barpo qilgan yovuz zolim Asadning hukmronligiga nuqta qo‘yish tarafdorimiz", — deb izoh bergandi operatsiya maqsadi haqida Erdo‘g‘an.

"Afsuski, siyosatchilar ba'zida o‘z nutqlarida xatoga yo‘l qo‘yishadi. Bu hissiyot tufayli ro‘y beradi. Biz Rossiya samolyoti turklar tomonidan urib tushirilganidan keyin Erdo‘g‘an bergan bir qator bayonotlar hukumatga qarshi kuchlar tomonidan tayyorlanganini ko‘rdik. Keyinroq Erdo‘g‘an o‘z nutqidagi fikrlarni izohlab, to‘g‘rilashiga to‘g‘ri keldi. Keyin uning nutqlari butunlay o‘zgardi. O‘ylaymanki, Erdo‘g‘an kechagi gaplarini vaziyatdan chiqish holatida aytib yubordi. Turkiyaning Suriyadagi harakatlari keskin o‘zgarishini kutish shart emas", — degan ekspert RIA Novosti nashriga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident hozirda mamlakat ichkarisidagi va tashqarisidagi muammolardan juda toliqqan. Uni YeI va AQSh bilan munosabatlarda yuzaga kelgan taranglik holdan toydirgan va bu uning hissiyotlarida aks etayotgan bo‘lishi mumkin. O‘qtoy u o‘z so‘zlarini aytgan auditoriya qanday bo‘lganini ham hisobga olish kerakligiga urg‘u qaratgan - simpoziumda Suriyadagi hozirgi hukumatga qarshi bo‘lgan arab mamlakatlari vakillari ishtirok etgandi.

"Turkiyada hozirda iqtisodiy inqiroz mavjud va arablar qarshisidagi chiqish orqali Erdo‘g‘an ularga yoqadigan gap aytishga harakat qilgan bo‘lishi va shu orqali arablarning Turkiyaga investitsiya kiritishiga erishish niyatida bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ammo, shunday sabablarga qaramasdan, tashqi siyosatga oid bayonotlarda o‘ta ehtiyot bo‘lmoq lozim", — deya qayd etgan ekspert.

U Erdo‘g‘an va Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim bir necha marta Suriyaning hududiy yaxlitligi haqida gapirib o‘tganini eslatib o‘tgan. U "Frot qalqoni" amaliyoti Suriya hududidan Turkiyaga tahdid solib turgan IShID jangarilari va kurd guruhlariga qarshi qaratilganini ta'kidlagan. O‘qtoy Anqaraning Suriya shimolidagi harbiy kampaniyasi asosli ekani haqidagi fikrini ifodalagan.

24 avgust kuni Turkiya tanklari Suriyaning shimoliga kirdi va muxolifatdagi Suriya ozodlik armiyasi bilan ittifoqchilikda "Frot qalqoni" nomli harbiy amaliyot o‘tkaza boshladi. Bu amaliyotning maqsadi Suriya shimolini IShID jangarilaridan tozalash va qochqinlar uchun xavfsiz maydon barpo etishi aytilgan.

Shu bilan bir vaqtda Turkiya AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi Suriya kurdlariga qarshi kurash olib bormoqda.

Mavzuga oid