Fan-texnika | 17:45 / 03.12.2016
7809
2 daqiqa o‘qiladi

Huawei innovatsion akkumulyatorni havola qildi

Xitoyning Huawei kompaniyasi Yaponiyada akkumulyatorlarga bag‘ishlangan 57-simpoziumda innovatsion batareyasini taqdim etdi. U Watt Laboratory olimlari tomonidan ishlab chiqilgan. Batareyaning xizmat qilish muddati hozirgi turdosh mahsulotlardan ikki marta ko‘proq, bundan tashqari, yuqori haroratga ancha chidamli, deya ta'kidlamoqda ishlab chiqaruvchi. 

Yangi litiy-ionli batareyalarda grafendan foydalanilgan. U akkumulyatorni sovutib, qurilmani qizib ketishdan asraydi. 

Aksariyat zamonaviy batareyalar Tselsiy bo‘yicha 50 darajagacha bo‘lgan sharoitlarda ancha samarali va xavfsizdir. Huawei akkumulyatorlarini esa 60 darajalik haroratda ham bexavotir qo‘llash mumkin. 

Bundan tashqari, elektrolitga maxsus modda qo‘shilgan bo‘lib, u yuqori haroratda bug‘lanib ketmaydi. Shu bilan birga, katod va anod konstruksiyasi ham takomillashtirilgan.

Sinovlar shuni ko‘rsatdiki, yangi batareya yuqori haroratda turdoshlariga qaraganda 5 foiz sovuqroq bo‘lgan. 60 haroratda 2 ming marta quvvatlanganidan so‘ng, grafenli batareyaning 70 foizi o‘z kuchini saqlab qolgan. Akkumulyator ayni haroratda 200 kunga qoldirilganda esa, quvvatining 13 foizini yo‘qotgan xolos. 

Huawei vakillarining uqdirishlaricha, yangi mahsulotdan dronlar, elektromobillar va boshqa qurilmalarda foydalanish mumkin. Uni issiq iqlimli mamlakatlarda qo‘llash foydalidir. 

Huawei, shuningdek, tezkor quvvatlashning yangi texnologiyasini ham namoyish etgan. uning yordamida 3000 mAs hajmli batareya 5 daqiqada 48 foizga to‘ldirildi. 

Mavzuga oid