Jahon | 09:21 / 04.12.2016
11901
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda 2,7 mlrd dollarlik atom suv osti kemasiga nom berish marosimi bo‘lib o‘tdi

Qurilishi 2,7 mlrd dollarga aylangan, AQSh harbiy-dengiz kuchlarining eng yangi atom suv osti kemasi rasman USS Colorado degan nom oldi. Kemaga nom berish marosimi 3 dekabrda Grotondagi (Konnektikut shtati) harbiy verfda bo‘lib o‘tdi.

An'anaga ko‘ra, suv osti kemasining tumshuq qismiga shampan vinosi solingan shisha idishni urib sindirish huquqi AQSh harbiy-dengiz kuchlari vaziri Rey Mabusning qizi Enniga taqdim qilindi.

USS Colorado kemasi qurilishi 2012 yil martida boshlangan. Kema ko‘p maqsadli Virginia suv osti kemalari turiga mansub. Suv osti kemasi AQSh XDK ixtiyoriga rasman 2017 yil sentabrida berilishi kerak. Bu vaqtga kelib u AQSh XDK qurollanishida bo‘ladigan bunday urdagi 15-kema bo‘ladi. Kemani General Dynamics Electric Boat kemasozlik korxonasi qurgan.

Virginia turidagi suv osti kemalari chuqurlikda dushman suv osti kemalari bilan kurashish hamda sohil yaqinidagi operatsiyalarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan. Kemaning uzunligi 115 metrni tashkil qiladi, o‘z ichiga 134 kishidan iborat ekipajni sig‘dira oladi va o‘z bortida Tomahawk qanotli raketalarini olib yura oladi.

Bunday sinfdagi oxirgi suv osti kemasi –  USS Illinois oktabr oxirida safga kiritilgandi. Virginia turidagi 14-sondagi suv osti kemasi – USS Washington AQSh XDKga keyingi yilda topshirilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid