O‘zbekiston | 14:26 / 04.12.2016
28998
3 daqiqa o‘qiladi

MSK saylovchilar soniga aniqlik kiritdi: 1 millionga kam

Yurtimizdagi 9339 ta saylov uchastkasida bugun ertalab soat 6:00dan ovoz berish jarayoni boshlandi. Mamlakatmizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalarida tashkil etilgan 44ta saylov uchastkasining aksariyati ochilib, ularda ham ovoz berish jarayoni davom etmoqda. Birinchi bo‘lib ovoz berish jarayoni O‘zbekistonning Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Xitoy, Tailand, Rossiya Federatsiyasining  Novosibir shahridagi vakolatxonalar huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida boshlandi. 

MSK raisi M.E.Abdusalomovning hisobot berishicha, bugungi  kunda ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilarning umumiy soni 20 428 891 nafardan iborat. O‘zbekiston Republikasi Prezidenti Saylovlarida saylovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishning mutlaqo yangi, ishonchli tizimi joriy qilinganligi ta'kidlandi. 

Saylov kampaniyasi qoshida e'lon qilingan aholining 18 yoshdan o‘tgan 21 435 900 nafar fuqarosi mavjudligi saylov uchastkalari xodimlari tomonidan xonadonlarni birma-bir aylanib chiqish orqali aniqlandi. Natijada saylovchilar soni yanada aniqlashtirilib, dastlab e'lon qilingan saylovchilar sonidan 1 millionga kamaydi. Bunga saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar, xususan chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, muomalaga layoqatsiz deb topilgan hamda sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan, shuningdek uzoq muddat davomida yashash joyi bo‘lmagan fuqarolarni hisobga olmaslik sabab bo‘ldi. 

“O‘zbekiston Republikasi fuqarolari saylovda yuksak siyosiy faollikni namoyon etishmoqda. Hozirgi kunga qadar saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 428 891 kishidan 11 418 000dan ortiq saylovchi ishtirok etishdi. Bu umumiy saylovchilar sonining 55,8 foizini tashkil etadi. Shu paytga qadar saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning 33 foizidan ortig‘i ishtirok etganini inobatga oladigan bo‘lskak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti to‘g‘risidagi qonunning 35-moddasiga asosan saylov bo‘lib o‘tgan, ya'ni Qonunda belgilangan me'yor to‘liq bajarilgan hisoblanadi. Shuni alohida qayd etish kerakki, saylov milliy qonunchiligimiz, unda belgilangan ochiqlik, oshkoralik va adolatlilik kabi demokratik tamoyillarga to‘la muvofiq holda o‘tmoqda”, - deya ta'kidladi MSK raisi. 

Bundan tashqari, shu vaqtga qadar joylardagi saylov jarayonlarida saylov qonunchiligi buzilishi haqida hech qanday ma'lumotlar MSKga kelib tushmaganligi ta'kidlandi. 

“Fursatdan foydalanib, mamlakatimiz saylovchilariga murojaat qilmoqchiman. Hurmatli saylovchilar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi nurafshon istiqbolimiz va farzandlarimizning yorqin kelajagini ta'minlovchi mas'uliyatli jarayondir. Yurtimiz tinchligi va Vatanimiz farovonligi uchun ovoz beraylik. Barchangizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentlik saylovlarida faol ishtirok etishga chaqiraman”, - deya o‘z so‘zlariga yakun yasadi markaziy saylov komissiyasi raisi.

Mavzuga oid