Jamiyat | 15:34 / 06.12.2016
65424
15 daqiqa o‘qiladi

Boylar ko‘proq yig‘lashadi

Dunyoda hech kim, hech bir ta'limot mol-dunyoning aynan o‘zini yomonlamagan, mol-dunyodan qaytarmagan. Faqat insonning mol-dunyoga bo‘lgan munosabatidagi illatlar qoralangan. Masalan, odamlardagi mol-dunyoga hirs qo‘yish, buning orqasidan haromdan hazar qilmaslik, o‘zgalar haqqini ado etmaslik, nomunosib yerlarga mol sarflash, uni isrof qilish va boyligi bilan faxrlanish kabi qusurlar tanqid qilingan.

Boylar boshqalardan, ya'ni kambag‘al-faqirlardan baxtliroq yashashadimi? Pul, mol-dunyo insonga chinakamiga saodat keltira oladimi? Boylarning hayotda ushalmay qolgan orzu-armonlari yo‘qmi? Ular afsus-nadomat chekishmaydimi?

Odamizod qo‘liga pul-mol kelib, ishi yurishib tursa, xursand, xotirjam bo‘ladi. «Omadim keldi, Xudo meni suygani uchun mol-dunyoni behisob berib qo‘ydi», deya xayol suradi. Sal puli kamayib qolsa, yoki kelishi to‘xtasa tushkunlikka tushadi, vahima bosadi: «Xudoga qaysidir ishim yoqmapti, shuning uchun meni boylikdan qisib qo‘ydi, rizqimni kamaytirib qo‘ydi», degan o‘y-fikrlarga boradi. Axir boylik inson uchun hech qachon ruhiy xotirjamlik keltirmaydi-ku! 

Ajdodlarimiz dunyo hayotiga ahamiyat berishmagan, e'tibor ko‘rsatishmagan. Sababi, dunyo hayoti insonlar uchun berilgan bir imtihon, xolos. Kishi dunyo hayotiga e'tibor bermasa, kambag‘al bo‘lib qoladi, degan biror qoida yoki mezon yo‘q. Chunki u ham, inshaalloh, ertaga boy bo‘lib qolishi mumkin. Aksincha, kechagina boyligining hidiga mast bo‘lib o‘zini qo‘ygani joy topolmay shoshib qolgan kimsa ertaga bir lahzada faqirga aylanib qolishi ham mumkin. 

Boylik ko‘plar uchun imtiyoz, ne'mat emas, aksincha jazo, ofat hisoblanadi. Rivoyat qilinishicha, bir guruh badavlat odam zohidlar davrasiga kirib o‘ltirish uchun ulardan ijozat so‘rabdi. Voqea ramazon oyida kechayotgan ekan. Boyvachchalar ham zohidlar davrasida nonni tuz bilan yeyishibdi. Uylariga qaytgach, boyagi boyvachchalardan biri ularga ming dinor tilla pul jo‘natibdi. Shunda zohidlardan biri pulni: «Senga o‘xshaganlarga sirini ochganning jazosi shudir», degan so‘zlar bilan egasiga qaytarib yuboribdi (ya'ni yuborilgan pulni ular o‘zlariga jazo deb qabul qilishgan ekan).

Boylarning hayot tarzini, yashash falsafasini orzu qilayotgan kambag‘allar ularga qanchalik qiyin va og‘ir ekanini tasavvur ham qila olishmaydi. Pul kela boshlagani barobarida boyning xonadoniga katta tashvishlar, kulfatlar, xarajatlar, mashaqqatlar, nafratlar, uqubatlar oqib kela boshlaydi. Ilgari ming so‘m bilan bitirgan ishini endi o‘n ming so‘m, yuz ming so‘m bilan bitadigan bo‘lib qolganini ko‘rasiz. Chunki u endi badavlat kishi, sarf-xarajatni ham o‘z darajasida qilishi kerak-da. 

Kambag‘alligida nonushtasiga non, jinday shirinlik yoki sut-qatiq kifoya qilar edi. Endi bir-ikki xil issiq taom tayyorlangan, qazi, pishloq, sariyog‘, qaymoq, quymoq kabi ne'matlar tortilgan bo‘ladi. Ammo qani edi bu ne'matlardan maza qilib totina olsa?! Yeyishi o‘sha-o‘sha, qo‘lida telefon, xayolida bugungi kunga rejalagan yumushlari, miyasida ming bir tashvish, muammo. Jinday taomni og‘ziga tiqdimi yoki burnigami, bilolmay dasturxondan shoshib turib ketadi. Avvallari do‘kondan xarid qilgan oddiy kiyimlarni kiyib ketaverardi. Endi unday qilolmaydi. Urfga kirgan, atrofidagi badavlat kishilar buyurtma bilan xorijdan oldirib keltirayotgan kamyob kiyimlarni topishi kerak. Ilgari farzandi kasal bo‘lib qolsa, hamma qatnaydigan poliklinikadagi shifokorlarga murojaat qilardi. Endi boylik maqomi bunga yo‘l qo‘ymaydi: el orasida mashhur bo‘lgan «professor»dan maslahat olishi, uning tavsiyasi bilan eng shohona jihozlangan xususiy klinikaga yotqizishi zarur bo‘ladi. Xususiy muallim, xususiy repetitor, xususiy tarbiyachi, xususiy haydovchi, xususiy tish do‘xtiri…bularning hammasi jaraq-jaraq pul turadi.

Boylar xohlamasa ham, malol kelsa ham, bundan o‘zgacha yo‘l tutolmaydi. Dunyo egalarining qismati shu, boy bo‘lishning taomili, yozilmagan qonunlari shunga majburlaydi. Saudiya Arabistonida bo‘lganimda Jidda shahrida boylar uchun ochilgan shohona do‘kon (supermarket) ga olib kirishdi. Uch qavatli, oynavand, o‘rtasida favvora, ichidagi odamlar ko‘rinib turadigan lifti bo‘lgan bu do‘konning shahardagi boshqa savdo tarmoqlaridan farqi undagi mollarning narxi har qanday odamni «chaqib olishi» edi. Surishtirsam, boshqa do‘konda ellik riyol turadigan bitta ko‘ylak bu yerda yuz ellik-ikki yuz riyoldan sotilarkan. O‘rtadagi foydaning kattagina qismi nochorlarga yordam jamg‘armasiga o‘tkazilar ekan. Agar badavlat kishi ushbu do‘kondan xarid qilmay, arzonrog‘ini ko‘zlab qolsa, «bechoraning ahvoli tanglashib qopti-da yoki sindimikin» deb o‘ylay boshlagan tanishlarining kulgisiga yoki malomatiga qolar ekan. Bu ham boy bo‘lishning odamlar nigohidan tashqaridagi alomatlaridandir. 

Boylikning yana bundan ham g‘aroyib mash-mashalari ham bor. O‘rtamiyona yashagan bu odamning boy bo‘lgunicha bir-ikki yaqin qarindoshi bo‘lsa, u boyigan zahoti ularning soni o‘n-o‘n besh baravar ortib ketadi: biri o‘g‘lini o‘qishga kiritib qo‘yishni so‘rab kelgan, birovi qiynalib qolib yordamga muhtoj, yana biri qizini turmushga uzatish uchun «maslahat» so‘ragan, boshqasi ish topa olmayotganidan shikoyat boshlagan. Hammasini tinglashi, yordam berishi, so‘raganini qaytarmasligi kerak. Agar birortasiga rad javobi berib yoki «qani, bir o‘ylab ko‘raylik-chi» deb qo‘ysin-chi, holiga maymunlar aza tutib yuboradi. «Falonchi opam seni shu niyatda katta qilganmidi», «Dadangning birdan-bir jiyani hali sandan yordam so‘rab keldiyu san rad qiladigan bo‘ldingmi», «Puling ko‘payib odamning qadriga yetmaydigan bo‘lib ketibsan-ku» degan ta'na-malomatlar boshiga toshday yog‘iladi.

Boylik qancha aka-ukalarni, opa-singillarni bir-biriga g‘anim qilgan. Ota bilan bolani yovga aylantirgan. Meros talashib qancha qon-qardoshlar bir-biri bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketgan. Boylik ilinjida qancha ilm ahllari boylar eshigida yaltoqlangan, obro‘sini to‘kkan, ilmini xo‘rlagan. Boylik necha-necha ayollarning iffatini yemirgan, hayosini o‘g‘irlagan, baxtini poymol qilgan. Boylikni deb qanchalab buyuk ishlar amalga oshmay qolgan, e'tiqodlar buzilgan, iymonlar sustlashgan, vatanlar sotilgan, vijdon darvozalariga qulflar urilgan. 

Bular boylik martabasining pulga bog‘liq hangomalari, xolos. Uning ko‘zga ko‘rinmaydigan botiniy mashmashalari ham bor. Boyning dushmani ko‘p, deganlariday, hasaddan, g‘ayirlikdan, ko‘rolmaslikdan uning g‘animlari haddan ortiq ko‘payib ketadi. Kechagina og‘iz-burun o‘pishgan «qiyomatli» do‘stlar ham, bir qorindan talashib tushgan og‘a-iniyu opa-singillar ham, hamkasblariyu mahalla-ko‘ydagilar ham, barcha baravariga eng yovuz dushmanga aylanadi. Sababi, unda pul bor, davlat bor, ularda esa yo‘q. Boy bechoraning oddiy gapi ham ularga qo‘pol tuyuladi: «ha, endi, puli ko‘payib bosar-tusarini bilmay qoldi, og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham boyning o‘g‘li gapirsin ekan-da». Xayol bilan bo‘lib salomiga alik olishni unutsa, hangomani ko‘ravering: «Qo‘liga pul tushib, darrov kibrlanib ketganini qarang, kechagina yuruvdi chorig‘ini sudrab, endi boyib atrofidagilarni mensimay qolibdi». Boy endi hammaga birday yoqmay qolgan. Hamkasblarining hasad va ko‘rolmaslik orqasidan boshlagan fitna, dushmanliklari haqida-ku, gapirmay qo‘yaqolaylik. Hamma uning sinishini, boyligidan mosuvo bo‘lishini intizor kutadi. Sal boshiga ish tushsa chekka-chekkada visir-visirlar boshlanadi. «Aytmabmidim, otasidan qolgan katta merosga quvonib yurgan ekan-da, hammasi oshkor bo‘ldi-ku», «Ja o‘zi bosar-tusarini bilmay qoluvdi, Xudo boplab jazosini berdi-ku!» degan gaplar ko‘payib ketadi.

Bir yoqda qo‘lga kiritgan mol-dunyosini ko‘paytirish, asrash qiyinchiliklari… Agar uni ko‘paytirish, sotish, foyda olish haqida tinmay bosh qotirmasa, tezda boyligining tagi ko‘rinib- kamayib ketishi yoki o‘zi sinib qolishi mumkin. «Yotib yegani tog‘ ham chidamaydi», degan gap bor-ku. Har qadamda chuv tushirish, aldab ketish, zo‘rlik bilan tortib olish kabi xavf-xatarlar ham hamla qilib turadi. Xullasi, bular ham badavlat kishining halovatini o‘g‘irlaydigan, oromidan mahrum qiladigan, sochidagi oqlarni ko‘paytiradigan muammolarning bir ulushi, xolos.

Mol-dunyoning insonni ne ko‘ylarga solishini tajribada ko‘p ko‘rganmiz. Kichkina misol:

Bir kuni o‘g‘lim Zakariyo maoshini olib keldi-da hali uch yoshga ham to‘lmagan o‘g‘li Abdumo‘minga bir taxlam ikki yuz so‘mlikni tutqazib qo‘ydi. «Nima qilarkin», degan xayolda hammamiz uni kuzatib turibmiz. U pulni qo‘lga oldiyu hayajondan o‘zini tutolmay qoldi: dam uni cho‘ntagiga tiqmoqchi bo‘ladi, sig‘magach biror joyga yashirib qo‘yish niyatida atrofiga alanglaydi. Hammaning o‘ziga qarab turganidan xavotirlanib, yana uni ko‘ylagining ichiga tiqadi. Bunga ham qanoat qilmadi. Pulni olib, bolalar xonasiga qarab yurdi. Yashirincha ortidan biz ham kirdik. U avval pul taxlamini ko‘rpacha qatiga yashirdi. Keyin nimadandir shubhalandi, shekilli u yerdan olib stolning g‘aladoniga berkitdi. Bunga ham qanoat qilmadi. G‘aladondan ham olib yana ko‘ylagining ostiga yashirdi. Shu payt ko‘rib qolganimizni angladiyu ilojsizlikdan ovozining boricha yig‘lab yubordi.

Bu manzara izohga muhtoj emasdi. Kichkina bola arzimas, buning ustiga o‘ziniki bo‘lmagan ozgina mablag‘ni asrashni eplay olmay shunchalik qiynalsa, esli-hushli kishilar katta-katta boyliklarni qo‘riqlash uchun ne ko‘ylarga tushisharkin?

Hali boylik ichida yashagan kishining bundan ham muhimroq vazifalari, buni ado etmaslikdan kelib chiqadigan ko‘rguliklari, qiyinchiliklari haqida to‘xtalganimiz yo‘q. Agar bu mol-dunyoning zakoti vaqtida yoki kerakli miqdorda berilmagan bo‘lsa, buning oqibatida shu dunyoning o‘zida duch kelinadigan ofatlarning o‘zi talaygina. O‘sha molning barakasi bo‘lmaydi, haromdan poklanmaydi, natijada u albatta halokatga uchraydi. Buning ustiga jamiyatdagi haqdorlarning haqqi ado etilmagani uchun boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi muvozanat buzilib, keskin ixtiloflar boshlanib ketish xavfi paydo bo‘ladi. Molining zakotini bermagan kimsa qattiq hisob-kitob va azoblarga giriftor bo‘ladi. U shuningdek, xasislik tufayli kambag‘allarga sadaqa bermagani, infoq-ehson qilmagani, molini buyurilmagan nojo‘ya joylarga sarflagani, uni isrof qilgani uchun ham hisobga tortiladi. 

Badavlat kishining dunyo hayotidan uzilishi ham og‘ir kechadi. Ming mashaqqatlar bilan, kechayu-kunduz zir yugurib, orom-halovatidan kechib, sog‘lig‘idan ajrab, hammaga yomon ko‘rinib, qancha dushman orttirib, gunohlarga botib to‘plagan mol-mulki, ichki-tashqi hovlilar, uylar, qo‘sha-qo‘sha ulovlar, tilla taqinchoqlar, pullar merosxo‘rlarga qolib ketishini o‘ylar ekan, bir g‘ami o‘n bo‘ladi. Merosxo‘rlarning hali u jon taslim qilmay turib boylikka ega bo‘lish uchun bir-birlariga ola qarash-qora qarash qilib yovga aylanishayotgani yuragini qiymalaydi. Shuncha pul-davlatni topsa ham o‘ziga vafo qilmagani, tuzukroq yeb-ichmagani, dam olmagani esiga tushib, ich-ichini nimadir kemiradi. Boylik topaman deb sog‘lig‘idan ajragani, besh-olti xil kasallar «guldastasi»ni orttirib olgani ham alam qiladi. Chunki, donolar aytganiday, sog‘lik va boylik hech qachon bir ko‘chadan yurolmaydi, aslo kelisha olmaydi. Biri kelsa, ikkinchisi albatta sohibini tark etadi. Eng dahshatlisi, dunyo ortidan chopib Allohning amr-farmonlarini bajarishga vaqti yetishmagani, toat uchun bo‘shamagani hammasidan alam qiladi. Qani edi, to‘plagan boyliklarining, qurgan imoratlarining, xarid qilgan ulovlarining hozir jinday foydasi tegsa?! Foydasi tegishi uyoqda tursin, aksincha, hisob-kitobi qiyinlashib, boqiy hayotini barbod qilishi mumkin.

Dunyoning yarmini zabt etgan Makedoniyali Aleksandr o‘limi oldidan shunday vasiyat qilgan ekan: «Meni bir tobutga soling, tobutning bir tomonini teshib, shu teshikdan qo‘limni chiqaring va kaftimni ochib qo‘ying. Toki barcha xaloyiq ko‘rsinki, jahondagi hamma mamlakatni egallab olgan bo‘lsam ham bu dunyodan qo‘llarim bo‘sh ketayotir».

Manba: Islom.uz

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid