O‘zbekiston | 08:45 / 06.12.2016
7913
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston saylangan Prezidenti xalqaro kuzatuvchilar missiyalari rahbarlarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 5 dekabr kuni MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi –ijrochi kotibi Sergey Lebedev bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston rahbari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kuzatuvchilar missiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida samarali ishlagani, ushbu jarayon hamda saylov yakunlarini yuqori baholagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Sergey Lebedev Prezident saylovi monitoringida ishtirok etishga taklif etgani va MDH kuzatuvchilar missiyasi a'zolari uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgani uchun tashakkur bildirdi.

Hamdo‘stlik doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.

Shavkat Mirziyoyev shu kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilar missiyasi rahbari, ShHT Bosh kotibi Rashid Alimovni ham qabul qildi.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni kuzatish bo‘yicha ShHT vakillarining xulosalari to‘g‘risida fikr almashdilar.

Rashid Alimov O‘zbekiston Prezidenti saylovi mamlakatda demokratik jarayonlarni yanada rivojlantirish borasida muhim qadam bo‘lganini ta'kidladi.

O‘zbekiston rahbari ShHT kuzatuvchilariga ochiq, erkin va demokratik sharoitlarda o‘tkazilgan saylov kampaniyasi davomida amalga oshirgan samarali ishlari va yakuniy xulosalari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar ShHT doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar.

 

Mavzuga oid