O‘zbekiston | 00:26 / 07.12.2016
19709
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi

Foto: © RIA

O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasida Turkiya tomonining tashabbusi bilan 2016 yil 6 dekabr kuni telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Shavkat Mirziyoyevni 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida  ishonchli g‘alaba qozongani bilan samimiy tabrikladi.

Davlat rahbarlari davlatlararo munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama etdilar va 18 noyabrda Samarqandda oliy darajada o‘tgan O‘zbekiston – Turkiya o‘rtasidagi serqirra muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirishga tayyor ekanliklarini ta'kidlab o‘tdilar. 

Turkiya rahbari Turkiya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi davomida samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi. 

Tomonlar bugungi ikki tomonlama munosabatlar o‘zbek va turk xalqlarining tarixi hamda ma'naviyati mushtarakligining mustahkam asosiga tayanishi va o‘zaro manfaatlarga javob beradigan amaliy natijalarga erishishni maqsad qilganini alohida ta'kidladilar. 

O‘zbekiston bilan Turkiya sheriklik munosabatlarini iqtisodiy, investitsion-texnologik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ulkan salohiyat inobatga olingan holda, yangi mazmun bilan boyitish tarafdori ekani qayd etildi. 

Tomonlar, tashqi siyosat mahkamalari, vazirliklar va iqtisodiy tuzilmalar o‘rtasida aloqalarni faollashtirishdan manfaatdor. Shu munosabat bilan yaqin vaqt ichida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisini o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olindi.

Suhbat chog‘ida Samarqandda o‘tkazilgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarga muvofiq Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida o‘zaro manfaatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun muayyan sohalar belgilandi. 

O‘zbekiston va Turkiya rahbarlari o‘zaro rasmiy tashrif almashishga kelishib oldilar va shu munosabat bilan manfaatdor vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

 

Mavzuga oid