O‘zbekiston | 00:13 / 08.12.2016
20214
5 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiya kuni arafasida O‘zbekiston fidoyilariga davlat mukofotlari topshirildi

Foto: O‘zA

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning farmonlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi arafasida mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shgan, ijtimoiy-iqtisodiy va ma'naviy-ma'rifiy sohalarda fidoyilik ko‘rsatgan bir guruh vatandoshlarimiz davlat mukofotlari – faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

"O‘zbekiston" anjumanlar saroyida 7 dekabr kuni ana shu yuksak mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo‘ldi.

– Avvalambor, siz, azizlar bilan bugun mana shunday ko‘tarinki, samimiy kayfiyatda ko‘rishib turganimizdan g‘oyat xursandman, – dedi O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev. – Barchangizga qalbimda bo‘lgan chuqur hurmat va ehtiromimni izhor etishga ruxsat bergaysiz.

Mustaqillik yillarida yurtimizda ko‘plab yaxshi an'analar paydo bo‘ldi. Bugungi uchrashuvimiz ham ayni shunday an'analarning davomidir. Bunday go‘zal marosimlarga Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov asos solganini barchamiz yaxshi bilamiz.

Mustaqilligimizning 25 yilligi arafasida bir guruh yurtdoshlarimiz Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan edi. Bugun sizlarga davlatimizning ana shu faxriy unvonlari, orden va medallarini topshirishni o‘zim uchun katta sharaf, deb bilaman. 

Biz mamlakatimizda erkin va ozod, adolatli, insonparvar jamiyat barpo etmoqdamiz. Shu borada odamlarimizning halol mehnatiga hurmat bilan qarash, ularning qadr-qimmatini munosib baholashni o‘zimizning bosh maqsadimiz, deb bilamiz.

Shu o‘rinda istiqlol yillarida 29 ming 170 yurtdoshimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlanganini aytish lozim. Albatta, gap faqat mukofotlarning sonida emas. Bu mukofotlar, avvalo, Vatanimiz ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan minglab yurtdoshlarimizni munosib taqdirlashga xizmat qilayotgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir.

Shunday muhtaram insonlar orasida O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elat vakillarining borligi hammamizni quvontiradi, deb ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Bugungi xursandchilik kunda omilkor dehqon va fermerlarimizga, sanoat korxonalari va qurilish maydonlarida ter to‘kib ishlayotgan ishchi-muhandislarimizga, tinchligimiz posboni bo‘lgan jasur harbiylarimizga har qancha tasannolar aytsak arziydi.

Vatanimizning eng oliy mukofoti – O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan fidoyi muallima Muhabbat Sharopovani, mohir temir yo‘l quruvchisi Erkin Ummatovni, usta dehqon, fermer Sharipboy Rajabovni, mashhur shifokor Ravshanbek Qurbonovni barchamiz chin qalbdan muborakbod etamiz.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Mirabror Usmonovni yuksak mukofot bilan qutlaymiz.

Butun umrini Alisher Navoiy bobomiz ijodini o‘rganishga bag‘ishlab kelayotgan Samarqand davlat universiteti professori Muslihiddin Muhiddinovga ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.

Shular qatorida taniqli ijodkorlar Enaxon Siddiqova, Guliston Annaqlicheva, teatr san'atining fidoyilari Erkin Komilov, Gavhar Zokirova, O‘zbekiston rus madaniy markazining faol a'zosi Yelena Shaverdova, shuningdek, Stanislav Yugay, Gulbahor Aymuratova singari yurtdoshlarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.

Mana shu quvonchli ayyomda Braziliyada bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘targan Fazliddin G‘oyibnazarov, Ruslan Nuriddinov, Shahram G‘iyosov, Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov, Bektemir Meliqo‘ziyev, Murodjon Ahmadaliyev, Elmurat Tasmuradov kabi mard o‘g‘lonlarimizga yana bir bor rahmat aytsak o‘rinli bo‘ladi, albatta.

Hammamizning tilagimiz, istagimiz bitta: sizlar mana shunday yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritishdan hech qachon charchamang. Biz sizlarga davlatimizning mana shunday mukofotlarini topshirishdan charchamaylik.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.

O‘zbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopova, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Erkin Komilov, O‘zbekiston Respublikasi xalq shoiri Enaxon Siddiqova, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibasi Guliston​ Annaqlicheva, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Hasanboy Do‘smatov, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Yelena Shaverdova va boshqalar davlatimizning yuksak mukofotlari ularga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishlashini, Vatanimiz taraqqiyoti va xalq xizmati yo‘lida fidokorona mehnat qilishga undashini ta'kidladi, yuksak e'tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimizdan minnatdor ekanliklarini bildirdi.

Mavzuga oid