Jahon | 23:26 / 16.12.2016
12465
2 daqiqa o‘qiladi

AQShlik mahbus Obamaning afv etishidan voz kechdi

Giyohvand moddalarni tarqatish uchun jazo o‘tayotgan va AQSh prezidenti Barak Obama tomonidan afv etilgan mahbuslardan biri Arnold Jonson muddatdan avval ozod etilishdan voz kechdi. Jonson Obamaning afv etishidan voz kechgan birinchi mahbus bo‘ldi. Bu haqda USA Today nashri xabar bermoqda

Nashrning yozishicha, mahbusning bundan voz kechishiga afv etishning majburiy sharti hisoblanuvchi – giyohvandlarni davolash bo‘yicha majburiy dasturda ishtirok etishni istamasligi sabab bo‘lishi mumkin. AQSh Turmalar federal byurosi ma'lumotlariga ko‘ra, dastur bunday mahbuslarni jamiyatdan 9 oyga yakkalashni ko‘zda tutib, bu davr ichida afv etiluvchi jadal davolash kursidan o‘tadi. Nashrning ta'kidlashicha, agar mahbus davolash kursidan o‘tganda, u ikki yildan keyin ozodlikka chiqishi va shu tariqa o‘z jazo muddatini 4 yilga qisqartirishi mumkin edi.    

Mahbusning ishida ko‘rsatilishicha, u turmaga tushishdan avval bir yil davomida har hafta kokain qabul qilgan, uning giyohvandlikdan forig‘ bo‘lishga avvalgi urinishlari foyda bermagan. 

AQSh hukumati bu holatga izoh bermadi.

Obama 4 mingdan ko‘proq mahbusning ozodlikka chiqishiga yoki ularning jazo muddatini qisqartirishga izn bergan, ulardan ko‘pchiligi 2016 yilda afv etilganlar.

Obama ma'muriyati kichik miqdordagi giyohvand moddalar uchun jazolangan mahbuslar normal hayotga qaytishi uchun ularning jazo muddatlarini kamaytirishga urinib kelmoqda. 1986 yilda AQShda 50 gramm yoki undan ko‘proq miqdorda kokain saqlaganlar uchun 10 yildan umrbod qamoq muddatigacha jazoni ko‘zda tutuvchi qonun qabul qilingan. Keyinchalik qonun o‘zgartirilib, endilikda 280 gramm va undan ko‘proq kokain yoki uni ishlab chiqarish uchun zarur xom ashyoni saqlaganlik uchungina katta qamoq muddatlari beriladi.

 

Mavzuga oid