Jamiyat | 23:24 / 18.12.2016
11807
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent Moliya institutida “Biznesda marketingning o‘rni” mavzusida master-klass o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshida 2015 yil 23 oktabrda tashkil etilgan GDC-Girls development club qizlarni har tomonlama rivojlantirish klubida universitetdan tashqaridagi ilk uchrashuv o‘tkazildi. 

Bu master-klass “Biznesda marketingning o‘rni” deb nomlanib, Toshkent Moliya institutida bo‘lib o‘tdi. Master-klassda Jahon tillari universiteti, Toshkent Moliya instituti va Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya universitetining talaba qizlari, akademik litsey o‘quvchilari va uy bekalari, jami 40 nafar xotin-qizlar ishtirok etdi.

Tadbirni “GDC-Girls development club” klubi asoschisi, O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti talabasi Gavhar Sagdullayeva ochib berdi va klubning bir yillik faoliyati davomida amalga oshirilgan ishlarning taqdimotini o‘tkazdi. 

Shundan so‘ng spiker sifatida taklif etilgan muvaffaqiyatli tadbirkor ayol- “Fiori Flowers” gullar do‘koni boshqaruvchisi, uch farzandning onasi Nodira Vohidovaga so‘z berildi. Mehmon trener o‘zining biznes va oilani birdek omadli uddalash ko‘nikmalarini ishtirokchilar bilan o‘rtoqlashdi. 

“Har bir qizga yoshligidayoq moliyaviy ta'minot o‘rgatilishi kerak. Moliyaviy bilimga ega bo‘lsangiz, har qanday biznesda omadga erishish mumkin. Eng asosiysi-xodimlarni to‘g‘ri tanlay bilish, taym-menedjmentga rioya qilish, insoniy sifatlarga ham muhim e'tibor qaratish kerak, -deb nutqini boshladi Nodira Vohidova. 

“Qanday biznes ochish mumkin”,-degan savolga spiker “Biznes avvalo insonlar muammosiga yechim bo‘la olishi kerak. Imkon qadar boshqalar xayoliga kelmagan original g‘oyalarni amalga oshirish kerak. Biznesga farzandga g‘amxo‘rlik qilgandek ahamiyat berib, ikki-uch yil davomida bor kuch va energiyangizni unga sarflasangiz, uni boshlamasdan oldinoq mukammal dastur ishlab chiqsangiz, albatta muvaffaqiyatga erishasiz. Qolaversa bizning davlatimizda yaxshi g‘oyalarga sarmoya tikuvchi investorlar ko‘plab topiladi. Shuningdek kredit tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilan bo‘lib, buning yordamida har qanday biznes-g‘oyani amalga oshirish mumkin. Faqat motivatsiya bo‘lsa yetarli”, deya javob berdi.

Uchrashuv so‘ngida qizlar bilan savol-javob va muhokama qismi o‘tkazildi. Ishtirokchilar Girls development clubga a'zo va koordinator bo‘lish tizimi bilan tanishib, o‘z takliflarini bildirib o‘tdilar. 
Master-klass O‘zLiDep bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

Mavzuga oid