Light | 17:48 / 21.12.2016
19161
4 daqiqa o‘qiladi

“Biznikilar” Malayziya o‘rmonlarida

Malayziyaning ko‘rishga arzigulik joylari shunchalik ko‘pki qayerga borishingni bilmaysan. Albatta, barcha sayyohlik yo‘riqnomalarida ko‘rsatilgan dam olish maskanlariga borsa bo‘ladi, ammo sarguzasht izlab kelgan bo‘lsangiz, bu yo‘riqnomalarni unutganingiz ma'qul. Men ham turmush o‘rtog‘im bilan shunday qildik va ko‘plab qiziq joylarni o‘zimiz uchun kashf qildik. Bu joylardan biri Al-Xorazmiy nomidagi Falakiyot Majmuasidir. Tsiviliziyadan biroz chetda joylashgan bu joyni topib borish oson bo‘lmadi. Dastlab, Malayziyaning Janubi-g‘arbiy sohilida joylashgan Melakka shahriga tashrif buyurdik.

Melakkadagi suv ustiga qurilgan masjid

Bu shahar tarixi, kamida alohida maqola uchun manba bo‘la oladi. Shu sababli yo‘lda davom etamiz. Keyingi bekat Masjid Tanah shaharchasi, bizning tilda Tuproq Masjid. Malayziya ilgari Buyuk Britaniya mustamlakasi bo‘lgan. Shu sababli ko‘pchilik ingliz tilida so‘zlasha oladi, lekin Kuala-Lumpur va turistik markazlardan chetda joylashgan shaharlarda ingliz tilida gaplasha oladigan insonlarni topish qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Masjid Tanahga kelib, biz aynan shunday shaharlardan biriga kelganimizni tushunib yetdik. Imo-ishora orqali o‘zbek tilida gapiraverdik. Chunki, o‘zbek tili va ingliz tilini bir xil tushunar edi bu yer aholisi.

Qayergadir o‘ngga, bizga esa chapga

Bir mashinada astronomiya majmuasiga yetib oldik. Majmua bir tomondan dengiz, ikkinchi tomondan qalin o‘rmon bilan o‘ralgan. Aynan shu joyda “Al-Xorazmiy” nomini ko‘rish juda g‘alati bo‘ldi.

Al-Xorazmiy Falakiyot majmuasining bosh darvozasi

Yon-atrof o‘rmon bo‘lgach qoravul ham o‘z joyida emas edi. Majmua ichiga qadam bosar ekansiz, hayajon yanada ortib ketadi. Majmuaning birinchi korpusining nomi “Al-Beruniy”.

Al-Beruniy korpusi

Bu majmua ham planetariy, ham observatoriya, ham o‘quv markazi sifatida faoliyat ko‘rsatar ekan. Hamma ta'tilda, shekilli, majmua bo‘m-bo‘sh va butunlay bizning ixtiyorda edi. Istalgan xonaga kirib, uning chiroqlarini yoqib, har xil avtomatlardan erkin foydalanish mumkin.

Fazo kemasini boshqarishni simulyatsiya qiluvchi qurilma

Shuningdek minoraga ko‘tarilib, dengizni tomosha qilish mumkin edi.

Dengiz bo‘yidagi minora

Devorlarda ham bizning hamyurtlar haqida ma'lumotlarni o‘qish mumkin edi. “Falakiyot faniga o‘z hissasini qo‘shgan Islom olimlari” degan ro‘yxatning yarmidan ko‘pi “Biznikilar” edi.

G‘ururlanmay bo‘larkanmi?!

Mirzo Ulug‘bek haqida malay tilidagi ma'lumot

Qisqasi, kimda-kim Malayziyaga tashrif buyursa, shu joyni ham bir ko‘rib ketishni maslahat bergan bo‘lardim. Albatta, borish uchun bir kunni yo‘qotishingiz mumkin, lekin bu shunga arziydi.

Al-Xorazmiy Falakiyot majmuasiga xush kelibsiz!

Xurshid Zafariy

Mavzuga oid