Turkiya IShIDga qarshi kurashda oxirgacha boradi yoxud turk askarlarining namoyishkorona qatli
Suriyaning Al-Bab shahri uchun ayovsiz kurash fonida IShID asirga olingan ikki nafar turk chegarachisini namoyishkorona yoqib yubordi. Internetda tarqatilgan videotasvir 19 daqiqa davom etadi.
Videoyozuv boshlanishida Turkiya islomga xiyonat qilgani va "kofirlar" bilan do‘st tutingani to‘g‘risidagi bayonotdan boshlanadi. Ushbu bayonotlarga parallel ravishda Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh rahbari Barak Obama bilan uchrashuvlaridan lavhalar namoyish etiladi.
Videoning qotillikka doir qismida bo‘yni atrofida temir zanjir o‘ralgan ikki nafar turk zobiti panjara ichida namoyish etiladi. Zobitlardan biri o‘zini 21 yoshli chegarchi Safter Tash, ikkinchisi esa 26 yoshli chegara razvedkasi xodimi Fatxi Shahin, deya tanishtiradi.
Shundan so‘ng IShID jangarilari chegarachilarni "itlar" deb haqorat qilib, ularni qafasdan olib chiqishadi va ochiq joyda ularni tiriklayin yoqib yuborishadi.
O‘limdan oldin turk zobitlaridan biri shunday deydi:
"IShID yerlaridan keting, toki bizning boshimizga tushgan ko‘rguliklar sizgacha yetib bormasin. Biz uzoq vaqt asirlikda bo‘ldik, biroq turk hukumatining bizga vaqti bo‘lmadi. Bizning hozirgi holatimiz turk hukumati vijdoniga havola. Bir kun kelib, sizning farzandlaringiz ham bizning o‘rnimizda bo‘lishi mumkin".
Turkey Blocks portalining xabar berishicha, videoyozuv tarqalganidan keyin Turkiya hukumati Twitter, Facebook va YouTube'ga kirishni cheklab qo‘ygan.
Chorshanba kuni Haber Turk gazetasi Al-Bab shahrining katta qismi turk harbiylari va Suriya muxolifati nazoratiga o‘tgani, lekin jang hali davom etayotgani haqida ma'lum qildi. Nashrning aniqlik kiritishicha, jangarilar Mo‘suldagi kuchlarini ham shaharga jalb qilishmoqda.
Payshanba kuni Reuters agentligi Anqara 24 avgust kuni Suriyada boshlangan "Frot qalqoni" operatsiyasi davomidagi eng katta yo‘qotishlarni boshdan kechirganini ma'lum qildi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Al-Bab uchun kurashlar natijasida 16 nafar harbiy halok bo‘lgan, 33 nafar askar turli jarohatlar olgan.
Turkish Minute nashri xabar qilishicha, bugunga kelib halok bo‘lgan turk harbiylarining umumiy soni 37 nafarni tashkil qilmoqda.
Anadolu agentligi ma'lum qilishicha, IShID 200ga yaqin jangarisini yo‘qotgan. Shuningdek operatsiya boshlangan vaqtdan buyon jami 1 mingga yaqin jangari o‘ldirilganligi ta'kidlangan. Payshanba kuni Anqaradagi matbuot konferensiyasida so‘zga chiqqan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an "IShID Al-Babda so‘nggi kunlarini yashayotgan"ini aytdi.
Zamonaviy Turkiyani o‘rganish markazining siyosiy yo‘nalish rahbari Yuriy Mavashevning ta'kidlashicha, bu shaharda vaziyat haqiqatdan jihodchilar foydasiga hal bo‘lmayapti. Uning fikricha, agar turklar Al-Babdagi nazoratni o‘z qo‘llariga olishsa, undan keyin "Raqqaga yurish" qilishadi.
Ma'lumki, jangarilar 2014 yilda Raqqani o‘z poytaxti deya e'tirof etishgan. 300 ming aholiga ega bu shahar Frot daryosi yaqinida joylashgan. Raqqa o‘z gidroelektr stansiyasiga ega, atrofda neft konlari talaygina.
"Turkiya armiyasi katta yo‘qotishlarga duch kelayotgan bo‘lsa-da, bu Anqara Suriyadagi amaliyotni to‘xtatadi degani emas. Aksincha, hamma narsa turklarning hujumni yanada kuchaytirishidan dalolat bermoqda", - deb hisoblaydi turkshunos Mavashev.
Turk harbiylarining qatl etilishi aks etgan vidotasma IShIDning Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga tashqi siyosiy kursni o‘zgartirgani va jangarilar tasarrufidagi hududlarga kirganini kechirmasligini yana bir bor namoyish qilmoqda...
Mavzuga oid
20:03 / 19.11.2024
“Ko‘p kayf qilib yuborganman” - 3 yashar bolaning qotili o‘sha kuni “glyuk”da bo‘lganini aytdi
21:47 / 15.11.2024
Qotil giyohvand bo‘lgan: 3 yoshli bolani o‘ldirgan erkak ustidan sud boshlandi
18:12 / 09.11.2024
Bir chuqurdagi ikki murda – Payariqdagi qotillik tafsiloti
19:18 / 02.11.2024