O‘zbekiston | 21:15 / 25.12.2016
31702
4 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Navoiy viloyatida jiddiy e'tibor talab qiluvchi qator dolzarb muammolar borligini ta'kidladi

Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati

2016 yil 25 dekabr kuni xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi

Ma'ruzada mustaqillik yillarida Navoiy viloyatida barcha sohalarda islohotlar amalga oshirilgani, yangi bino va inshootlar, ijtimoiy obektlar, uy-joylar barpo etilgani ta'kidlandi.

"Navoiy viloyati haqida gap ketganda, avvalo, uning mehnatkash xalqi, yer osti va yer usti boyliklari, ulkan salohiyati ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Mamlakatimizning yirik sanoat hududi hisoblangan ushbu viloyatda konchilik, metallurgiya, kimyo, energetika, qurilish materiallari, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati izchil rivojlanmoqda. 

Joriy yilning to‘qqiz oyida yalpi hududiy mahsulot qariyb 7 milliard 440 million so‘mni tashkil etib, o‘sish sur'ati 5,9 foizga oshdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 4,2 foiz, iste'mol tovarlari 14,8 foiz, qishloq xo‘jaligi 6,7 foiz, qurilish ishlari 11,6 foiz, chakana savdo aylanmasi 15 foiz, jami ko‘rsatilgan xizmatlar 15,5 foizga o‘sishi ta'minlandi. 

Viloyatda hududiy korxonalar tomonidan jami 43 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksporti amalga oshirildi. Mahalliylashtirish dasturi asosida 17 korxonada 57 loyiha bo‘yicha tayyor mahsulot hamda materiallar, butlovchi qism va detallar ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, 9 oyda 47 milliard 600 million so‘mlik mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarildi. 

Hozirgi kunda viloyatda 17 yirik sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement”, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatlari va “Elektrkimyozavodi” qo‘shma korxonasi shular jumlasidandir. “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida 18 korxona faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular tomonidan 100 dan ortiq turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda", dedi prezident. 

Sessiyada bandlik masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Bunda aholi, avvalambor, yoshlarni ish bilan ta'minlash, zamonaviy ish o‘rinlari yaratish davlatimiz, butun jamiyatimizning diqqat markazida turishi lozimligi qayd etildi.

Keyingi 5 yilda viloyat yalpi hududiy mahsuloti 130,3 foizga oshgan. Sanoat korxonalari soni 1049tadan 1475taga yetgan. Ilgari viloyatdagi sanoat korxonalari tomonidan 122 turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning turi 300dan oshgan.

Prezident ayni paytda viloyatda jiddiy e'tibor qaratish lozim bo‘lgan bir qator dolzarb masalalar mavjud ekanligi ham qayd etib o‘tdi. Xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sanoatini rivojlantirish uchun mavjud bo‘lgan juda katta imkoniyatlar ishga solinmayapti.
 
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavsiyasiga binoan Oliy Majlis Senatining Byudjyet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Qobul Tursunov Navoiy viloyati hokimi etib saylandi. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid