Fan-texnika | 13:30 / 26.12.2016
23121
2 daqiqa o‘qiladi

Ravon R2 kamlitrajli avtomobillar savdosi bo‘yicha noyabr reytingini boshqarmoqda

Foto: Avtostat-info.com

Rossiyada noyabr oyida eng ko‘p sotilgan kamlitrajli avtomobil sifatida Ravon R2 modeli qayd etilgan, deya xabar qilmoqda «Avtostat Info». O‘tgan oyda, tahlilchilarning ma'lumotlariga ko‘ra, RFda jami 190 dona O‘zbekistonda ishlab chiqilgan avtomobil sotilgan. 

Ixcham avtomobillar segmentida ikkinchi o‘rinni Janubiy Koreya vakili KIA Picanto egallagan. Bu mashinadan 91 dona sotilgan bo‘lib, bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 20,2 foizga kam demakdir. Noyabr oyidagi kamlitrajli avtomobillar yetakchi uchligidan, shuningdek, Daewoo Matiz ham o‘rin olgan. Uning savdosi 8,1 foizga pasaygan va bir oyda jami 68 ta mashina sotilgan. Noyabr oyi yakuni bo‘yicha TOP-5 segmentiga Smart Fortwo (61ta, o‘tgan yilga nisbatan +177,3 foiz) va Smart Forfour (57ta) modellari ham kira olgan.

«Avtostat Info» hisobotidan ma'lum bo‘lishicha, A-tasnifidagi avtomobillar savdo hajmi noyabr oyida o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 119,4 foizga o‘sgan va 474 donani tashkil etgan. Shunga qaramay, joriy yilning 11 oyi bo‘yicha 4,23 foizlik pasayish kuzatilmoqda va o‘tgan davr mobaynida 3451 dona shu tasnifdagi avtomobil sotilgan. 

Mavzuga oid