O‘zbekiston | 09:56 / 26.12.2016
11901
2 daqiqa o‘qiladi

Ulug‘bek Rozukulov Pokiston Bosh vaziri bilan muzokaralar o‘tkazdi

Foto: uzdaily.uz

O‘tgan haftada O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Ulug‘bek Rozukulov Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb yozmoqda UzDaily.uz. Muloqot chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, xususan, energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishgan. 

Navoz Sharifning qayd etishicha, O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirish imkonini beradi. 

Uning ta'kidlashicha, Pokiston O‘zbekiston bilan do‘stona aloqalarni yuqori baholaydi. Navoz Sharifga ko‘ra, Pokiston hukumati O‘zbekiston bilan o‘zaro foydali munosabatlarni yangi bosqichga chiqarish niyatida. 

Uning fikricha, O‘zbekiston va Pokiston savdo-iqtisodiy sohani yanada mustahkamlash va mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish uchun barcha choralarni ko‘rishi kerak. 

Shu bilan birga, tomonlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida savdo, investitsiya va mahsulotlarning erkin aylanmasini ta'minlash maqsadida islohotlar o‘tkazishi lozim. Pokiston hukumati rahbari, shuningdek, O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi texnikalari sohasida hamkorlik qilish taklifini olqishlagan. 

O‘z navbatida, Ulug‘bek Rozukulov qayd etganidek, ikki mamlakat savdo-iqtisodiy salohiyatini o‘rganib, ulardan samarali foydalanish yo‘lida barcha choralar ko‘riladi.
 
U, shuningdek, Navoz Sharifga O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonga taklifini topshirgan. Taklif qabul qilingan. 
 

Mavzuga oid