Jamiyat | 17:28 / 29.12.2016
38535
4 daqiqa o‘qiladi

Bir yil davomida faqat kartoshka bilan oziqlanish natijalari shifokorni hayratga soldi

Janob Endryu Teylor taomga bo‘lgan cheksiz muhabbati bilan ajralib turardi. U qovurilgan, achchiq, yog‘li taomlarni paqqos tushirib kunini o‘tkazardi. Shuningdek shokolad, tortlar va shirinliklardan ham xush ko‘rardi. Bir yil ichida Endryu (o‘zining tan olishicha) o‘zini boshqara olmaydigan darajaga yetgan. Bunday qaramlikdan tashvishga tushgan janob Teylor o‘ziga o‘zi savol berdi: insonning  faqatgina bir turdagi mahsulot bilan oziqlanishi nimalarga olib kelarkin? Bu borada biroz fikr yuritgan Teylor o‘zi uchun kartoshkali parhezni tanlab oldi va bir yil unga rioya qildi.

Ratsional qaror

Teylor kartoshkaning nafaqat katta miqdordagi uglevodga egaligi, balki oqsil va yog‘larga ham boy ekanligidan xabar topdi. Bundan tashqari, sabzavot insonni S vitamini va temir moddasi bilan ta'minlaydi. 

Kartoshkali tajriba

Ilk ikki hafta ancha og‘riqli o‘tdi. Ko‘p ovqat yeyishga o‘rganib qolgan Teylor kartoshkalarni yig‘lab yeb o‘tirardi va o‘zining suratlarini ijtimoiy tarmoqlarga yuklardi. Biroq 15-kundan boshlab ancha yengil tortgani o‘zini ham ajablantirdi. U endi avvalgidek ovqatga talpinmas, organizm ham bir maromda ishlardi.  

Qat'iy nazorat 

Teylor kuniga 4 kilogrammgacha kartoshka iste'mol qilishiga to‘g‘ri kelmoqda. U o‘zini qat'iy nazorat ostiga oldi hamda na do‘stlari bilan yig‘ilganda va na restoranlarda  o‘z parheziga xiyonat qilmadi (ovqatini o‘zi bilan olib yurdi). 

Ijtimoiy jihat

Dastlab Teylorning do‘stlari kartoshkali parhez ustidan kulishdi, biroq vaqt o‘tgan sayin uni tushunib, qo‘llab-quvvatlay boshlashdi.  Avval kartoshka parheziga qarshi chiqqan Endryuning davolovchi shifokori esa bir yil davomida unga bepul xizmat ko‘rsatishga qaror qildi. 

Yoqimli natijalar

Har safargi qon tahlillari avvalgilaridan yaxshi chiqqani sari shifokorning taajjubi oshib bordi. Bir yil ichida Teylorning organizmidagi xolesterin miqdori me'yorga keldi, qon bosimi normallashdi hamda qand miqdorining odatiy yuqori darajasi pasaydi. Parhezdan oldin 152 kilogrammni ko‘rsatgan tarozi parhez yakunida 99 kilogramm natijani qayd etdi. 

Tajriba yakuni

Kelasi yilning 1 yanvaridan Teylor o‘zining "kartoshka olamiga sayohati"ni tugallaydi. U sog‘lom fikrlovchi inson va shu bois kartoshka parhezini yana bir yil davom ettirish yaxshilikka olib kelmasligini juda yaxshi tushunadi. O‘tgan vaqt davomida Endryu ochofatlik odatidan mutlaqo xalos bo‘ldi va endi u kartoshka asosli yangi ratsion tuzishni rejalashtirmoqda. Ushbu ratsionga katta miqdordagi sabzavotlar, mevalar va yog‘siz go‘sht qo‘shiladi. 

Endryu Teylorning tajribasi astoyidil harakat qilgan insonning  albatta o‘z maqsadiga erishishiga yaqqol misol bo‘la oladi. 

Mavzuga oid