Jahon | 11:10 / 03.01.2017
4085
2 daqiqa o‘qiladi

Kaliforniyaning Pasadina shahrida 128-marta Atirgullar paradi bo‘lib o‘tdi

Foto: AP

Har yili o‘tkaziladigan Atirgullar paradi dushanba kuni Kaliforniya shtatidagi Pasadina shahrida bo‘lib o‘tdi. Yomg‘irli va sovuq havoga qaramay, bir necha yuz ming kishi 128-marta bo‘lib o‘tayotgan an'anaviy rang-barang paradni kuzatishdi. Paradda orkestrlar, chavandozlar va gullar bilan bezatilgan platformalar harakatlandi.

Bir vaqtning o‘zida ham gullar festivali hisoblangan paradga harakatlanuvchi sahnalar jalb etildi. Ko‘p sonli platformalar orasida o‘tgan yili Orlandoda bo‘lib o‘tgan (Florida shtati) terakt qurbonlari xotirasiga yaratilgan konstruksiya alohida ajralib turdi - o‘shanda 49 kishi halok bo‘lgandi. 

Bunday maketlarni yaratish qimmatga tushadi va u puxta ishlanishi kerak bo‘lgan jarayon hisoblanadi. Pasadina ko‘chalari bo‘ylab harakatlanish sharafiga muyassar bo‘lgan orkestrlarni tanlash jarayoni esa, paraddan 14 oy avval o‘z nihoyasiga yetadi. 

Tadbirga boshchilik qilish huquqi mashhur kishilar, siyosatchilar yoki sportchilarga beriladi. Bu safar yugurish sporti bilan shug‘ullanuvchi Ellison Feliks, suvga sakrash bilan shug‘ullanuvchi Greg Luganis va suzuvchi Janet Evanslar ana shunday sharafga ega bo‘lishdi.

Parad yuqori xavfsizlik choralari ko‘rilgan sharoitda o‘tdi. Huquq-tartibot organlarining mingdan ziyod xodimi ishtirok etdi. Chorrahalar va boshqa joylarda to‘siqlar qo‘yildi. Hukumat vakillarining so‘zlariga ko‘ra, parad davomida hech qanday noxush hodisalar ro‘y bermagan. 

Pasadinadagi birinchi Atirgullar paradi 1890 yilning 1 yanvarida bo‘lib o‘tgan. U mahalliy ovchilar klubi a'zolari tomonidan o‘ylab topilgan va tashkillashtirilgan. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid