O‘zbekiston | 11:17 / 05.01.2017
14848
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga soliq va bojxona imtiyozlari berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 21 dekabrdagi qarori bilan “2017-2019 yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi” qabul qilindi. Qaror matni Lex.uz portalida e'lon qilingan.

Hujjat iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgartirishlarni davom ettirish, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini modernizatsiyalash, diversifikatsiyalash va jadal rivojlantirishni ta'minlash, paxta tolasi va ipak xom ashyosini chuqur qayta ishlash, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish yo‘li bilan raqobatbardoshli, tashqi bozorlarda talab qilinadigan tayyor, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlari va turlarini kengaytirish maqsadida qabul qilingan. 

Prezident qarori bilan paxta tolasi va ipak xom ashyosini chuqur qayta ishlash negizida tashqi bozorda talab yuqori bo‘lgan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarni ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari hamda shunday mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalari tasdiqlangan. 

Loyihalarda xorijiy investitsiyalardan tashqari O‘zbekiston tijorat banklarini ham nizom jamg‘armalari tarkibiga kiritish orqali jalb etish orqali moliyalash ko‘zda tutilgan. 

Shuningdek, qarorda 2017 yil 1 yanvardan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasining nooziq-ovqat mahsulotlari eksportidan tushgan xorijiy valyutaning bir qismini vakolatli banklarga majburiy sotish tartibini bekor qilish belgilab qo‘yilgan. 

Bundan tashqari, 2020 yilgacha nooziq-ovqat iste'mol tovarlari ishlab chiqarishda foydalaniladigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo va materiallar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlarga muvofiq, komissiya shartnomalari asosida import qilinadigan uskunalar, butlovchi buyumlarini olib kiruvchilar bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan (bojxona rasmiylashtirish yig‘imlari bundan mustasno). 

Respublikada ishlab chiqarilmaydigan, ushbu qarorning investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha chetdan keltiriladigan texnologik asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar ham bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan.  

Ushbu muddat davomida nooziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan soha korxonalariga ham soliq imtiyozlari va bojxona preferensiyalari taqdim etiladi. 

O‘zbekistonda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirish dasturi qabul qilindi

Mavzuga oid