Jahon | 18:54 / 06.01.2017
9099
2 daqiqa o‘qiladi

Kot-d'Ivuarda harbiylar isyon ko‘tardi

Foto: Reuters

Kot-d'Ivuar hukumati mamlakatning 3 shahrida harbiy xizmatdan bo‘shatilgan askarlar isyon ko‘targani haqida ma'lum qildi.

Associated Press agentligi xabariga ko‘ra, 6 yanvar tongida mamlakatning ikkinchi yirik shahri hisoblanmish Buake shahrida tartibsizliklar boshlangan. Kun bo‘yi shaharda otishmalar davom etgan. Qayd etilishicha, askarlar maoshlar oshirilishini talab qilishgan.

Keyinroq bunday holatlar Daloa va Korgoho shaharlarida takrorlangan. Guvohlarning ma'lumotlariga ko‘ra, ko‘chalar bo‘ylab qurollangan kishilar yurib o‘tgan, xavfsizlik xizmati kuchlari esa o‘z postlarini tashlab ketgan.

Reuters agentligi ma'lumotiga ko‘ra esa, Buake shahrini harbiy xizmatdan bo‘shatilgan askarlar egallab olgan. Harbiy manba ma'lumotiga ko‘ra, sobiq harbiy xizmatchilar politsiya uchastkalariga hujumlar uyushtirib, qurollarni tortib olishgan. Daloadagi harbiy lagerda otishma kelib chiqqan. Bu yerda ham tartibsizliklar harbiy xizmatdan bo‘shatilgan askarlar tomonidan sodir etilgani aytilgan.

Agentlik xabarida qayd etilishicha, isyon to‘lqini mamlakatda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu bilan birgalikda harbiylar o‘z talablarini bayon qilishmagan, shuningdek, isyon ko‘tarilgan shaharlar orasidagi bog‘liqlik ham qayd etilmagan.

Bu mamlakatda xuddi shunday isyon 2014 yilda ham bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda askarlar mamlakat bo‘ylab bir necha shaharda barrikadalar o‘rnatgan va maoshlar oshirilishini talab qilgandi. Hukumat ularning talablarini bajargandi.

Mavzuga oid