O‘zbekiston | 15:21 / 06.01.2017
12038
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tadbirkorlar manfaatini himoya etuvchi vakillik instituti yo‘lga qo‘yiladi

2017 yilning 6 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston “Tadbirkor ayol” ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti (biznes ombudsman) - tadbirkor ayollar faoliyati rivoji yo‘lida” mavzusida Respublika video-seminar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi Kun.uz’ga xabar berdi.

Bugungi kunda 14 ming nafardan ziyod ishbilarmon ayollarni o‘z safiga birlashtirgan O‘zbekiston “Tadbirkor ayol” ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan biznesini boshlamoqchi bo‘lgan ayollarga ko‘maklashish, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, pirovardida yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda.  Jumladan, o‘tgan davrda 24 ming nafardan ortiq xotin-qiz biznes asoslariga o‘qitildi, 16 mingdan ziyod vaqtincha ishsiz ayollarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga yo‘naltirildi, 130 mingdan ko‘proq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. 

Aynan shu maqsadlardan kelib chiqadigan vazifalarni yanada chuqurlashtirish va jadallashtirish maqsadida 2016 yilning 5 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonining imzolanishi tadbirkorlik sohasidagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi. 

Video-seminar ishtirokchilari tomonidan ta'kidlanganidek, Farmonda tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida qonunlar ijrosi ustidan parlament nazorati shakillarini kuchaytirish maqsadida  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil institutini tashkil etish belgilangan.

Bunday vakillik instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilishi tadbirkorlik subektlarining huquqiy qo‘llab-quvvatlash, normativ-huquqiy hujjatlardan foydalanish samaradorligini oshirish, amaldagi qonunchilik me'yorlariga to‘liq rioya etilishi yuzasidan ijro intizomini takomillashtirishda mustahkam kafolat bo‘lib xizmat qiladi.

Video-seminarda xususiy mulkchilikni har tomonlama himoya qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilash borasida beshta eng ustuvor soha bo‘yicha 42 ta aniq chora-tadbirlar amalga oshirilishini nazarda tutuvchi Kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanganligi, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, davlat va biznesning o‘zaro hamkorligidagi ma'muriy to‘siqlarni bartaraf etish, davlat dasturlaridan foydalanishning ochiqligi va shaffofligini ta'minlash doirasida umumiy e'tirof etilgan xalqaro standartlar asosida qator qonunlarni, shu jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”, “Davlat xaridlari to‘g‘risida” va “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish nazarda tutilganligi ta'kidlandi.

Ma'ruzachilar tomonidan video-seminar ishtirokchilariga Dasturga muvofiq jinoyat ishlari bo‘yicha tekshirishlarni tayinlash va o‘tkazish tartibining aniq huquqiy tartibotini belgilash uchun “Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi qonunga, Jinoyat-protsessual kodeksiga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi to‘g‘risida ma'lumotlar berildi.

Respublika video-seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston “Tadbirkor ayol” ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, tadbirkorlik sub'yekti vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid