Jamiyat | 21:06 / 07.01.2017
50209
7 daqiqa o‘qiladi

Suv muammosi: Birgina quduqqa qarab qolgan mahalla taqdiriga kim mas'ul?

Tahririyatimizga Andijon viloyati Jalaquduq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro shikoyat bilan murojaat qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, tuman hududida joylashgan Yorqishloqdagi Marvarid ko‘chasida aholi ichimlik suvi oladigan quduq bir oydan beri ishlamayotgan ekan. Aholi qo‘shni tuman bilan chegaradosh bo‘lgan To‘raboddan suv tashib kelishga majbur. Suhbatdoshimizning ma'lum qilishicha, u yerga borish uchun 1-2 kilometrlik yo‘lni bosib o‘tish kerak ekan.

Fuqaro ayni damda 1000 dan ortiq inson suv tanqisligiga duch kelayotganini aytib o‘tdi. 

Shuningdek, odamlarning muammosini tezroq hal qilib berish o‘rniga viloyat “Suvoqava” tashkiloti 1500 so‘mlik tarif pullarini yig‘ish bilan ovora. Shuni alohida ta'kidlab o‘tish lozimki, mamlakat poytaxti Toshkent shahrida ko‘chada joylashgan quvurdan suv olish uchun 402 so‘mlik tarif belgilangan. O‘z-o‘zidan savol kelib chiqadi: nima uchun poytaxtda 400 so‘m-ku, Andijonda 1500 so‘m? 

Bundan tashqari, shikoyat bilan murojaat qilgan fuqaroning aytishicha, Marvarid ko‘chasidagi buloqqa shuncha yillardan beri aholining o‘zi qaragan, mutasaddi tashkilot buning uchun o‘rnidan qo‘zg‘alib ham qo‘ymagan. Faqatgina suratda ko‘rish mumkin bo‘lgan “Suv” degan so‘zni ohak bilan yozib ketishganini hisobga olmaganda... Mahalla komissiyasi esa yaraning ustiga tuz sepgandek kelib, qo‘shimcha pul yig‘ilishini bildirgan. Ular bu pullarga maxsus kran olib kelishini ro‘kach qilishgan. Vaholanki biz bilan aloqaga chiqqan fuqaroning bildirishicha, Sobiq Ittifoq paytida o‘rnatilgan quvurlar shuncha yillardan beri ta'mirlanmagani tufayli zanglab ketgan. Uni kran orqali olishda uning yorilib ketishi ehtimoli juda katta. Bu esa aholiga yana qo‘shimcha mablag‘ yuklanishiga sabab bo‘ladi.

Kun.uz sayti shu masala yuzasidan Jalaquduq tumani hokimligi bilan bog‘landi. U yerda biz bilan muloqotga chiqqan tuman hokimi o‘rinbosari muammolar qisman borligini tan oldi. Uning so‘zlariga qaraganda, tumanning 65 foiz aholisi suv bilan to‘liq ta'minlangan ekan. Shuningdek, amaldor suv tanqisligidan aziyat chekayotgan Yorqishloqqa va umuman bunday muammoga duch kelgan aholiga ushbu masala yuzasidan amaliy ko‘mak berish maqsadida 910 million so‘m mablag‘ ajratilganini ham eslatib o‘tdi. 

Amaldorning aytishicha, ayni damda bu yerga Qambarotadagi buloq suvi quvur orqali tortib kelinayotgan ekan. Shuningdek, biz undan aholidan olinayotgan 1500 so‘mlik tarif haqida so‘raganimizda, u bunday narxlar viloyat hokimligi tomonidan belgilab berilganini aytdi. 

Biz amaldordan Marvarid ko‘chasidagi suv tanqisligidan qiynalayotgan aholiga shu kunning o‘zidayoq amaliy yordam ko‘rsatilishini iltimos qildik. Tuman hokimligi vakili rozi bo‘ldi. Biroq, bizga shikoyat bilan chiqqan fuqaro bilan oradan ikki kun o‘tib bog‘langanimizda, u haligacha bu masala yuzasidan hech kim kelmaganini aytdi. Amaldor bilan qaytib aloqaga chiqmoqchi bo‘lganimizda esa – u telefon qo‘ng‘iroqlariga javob qaytarmaslik bilan cheklandi, xolos.

Shu o‘rinda o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: 21 asrda suv uchun doimiy ravishda haq to‘lab kelayotgan kishilarni suvsiz qoldirish hali-hamon uchrab turgani to‘g‘rimikan? Nima uchun 1 oydan beri qo‘shni tumanga 1-2 kilometrlik masofani bosib, kerak bo‘lsa eshak aravalarda suv tashib kelayotganini bilib, ko‘rib turib ularga yordam ko‘rsatilgani yo‘q?

Hozirgi tuman hokimlari aholining yarim og‘iz shikoyatini bir kunda hal qilishga imkonlari ham, barcha kerakli sharoitlari ham bor. Biroq, negadir bu qilinmayapti... Tag‘in ham viloyatlarda istiqomat qiluvchi aholi hamma narsaga ko‘nikib ketishmoqda – suvsizlik, elektr ta'minotidagi katta uzilishlar, yo‘llar sifati, gaz masalasi va hokazo...

Maqolani yozish chog‘ida bir narsadan o‘zimiz ham hayratga tushdik: hozirgi davrda viloyatlarda issiq suv ta'minoti, kanalizatsiya tarmoqlarini yo‘lga qo‘yish haqida so‘z yuritish o‘rniga, aholining ichimlik suvidan tanqisligi borasidagi muammosini yoritmoqdamiz. Lekin suratlardan ko‘rish mumkinki, Jalaquduq tumanida 21 asrda ichimlik suvi ta'minotida hali qilinadigan ishlar ancha ko‘p ekan...

Aftidan Jalaquduq tumani hokimligi mas'ul shaxslari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e'lon qilingani munosabati bilan bu borada mahalliy hokimlik va boshqaruv organlari oldida turgan vazifalarga alohida e'tibor qaratganidan, rahbarlarning xalq ichiga kirib, aholi bilan samimiy muloqot qilishi, ularning dardu tashvishlarini tinglab, muammolarga yechim topishi xalqimizning davlatdan rozi bo‘lishi va turmushi farovonligiga xizmat qilishi kerakligi haqida ta'kidlab o‘tganidan bexabarlar shekilli...

Albatta, ish bor joyda kamchilik ham bo‘lishi tabiiy bir hol. Ammo hamma rahbar kadrlar ham murojaatlarga quloq tutib, uni tezkorlik bilan bartaraf etishi shart! Suvsiz qolgan aholining shikoyat va murojaatlarini bir oydan beri e'tiborsiz qoldirilayotgani esa hech bir ongli insonning aqliga sig‘maydigan holat!

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, boshqa viloyatlar va tumanlarda bunday muammolar borligini yaxshi bilamiz. Ularning qachon bartaraf etilishi esa hokimliklar amaldorlariga bog‘liq. 

Andijon viloyati Jalaquduq tumani hokimligi mas'ul shaxslarini esa insofga chaqirib, yuqoridagi holat bo‘yicha tezkor amaliy ishlar bajarilishidan umidvor bo‘lib qolamiz...

Mavzuga oid