Jamiyat | 16:09 / 09.01.2017
38337
5 daqiqa o‘qiladi

Xaridorga nisbatan zulm va xiyonat 

Dinimiz muhabbat, birdamlik va tinchlik dini bo‘lib, jamiyat vakillari o‘rtasiga tafriqqa va nizo soluvchi har qanday nosog‘lom holatga qarshi kurashadi. Ko‘pincha, bozorlarda kuzatiladigan ana shunday nosog‘lom va ayanchli holatlardan biri savdo ustiga savdo va xarid ustiga xarid qilish, deb ataladi. Xaridor rastalardan birida sotilayotgan qaysidir molni yoqtirib, uning egasi bilan savdolashayotgan paytda yonidagi do‘kondor o‘sha xaridorni o‘ziga jalb qilish uchun: «Mening molimni oling, arzonroqqa beraman», deya o‘z birodarining savdosini buzadi. Natijada mushtariy o‘sha arzonroq bahoga beradigan tomonga o‘tib ketadi, savdosi buzilgan sotuvchi yuragida esa narigi sotuvchiga nisbatan nafrat va g‘azab olovi alanga oladi. Hatto bu ishlar ko‘pincha urush-janjalga ham olib-keladi. Bunaqa holatlar ko‘p uchraydi aslida. Ko‘pincha oddiy non olmoqchi bo‘lib, non sotayotgan odamlarning biri bilan endi gaplashishni boshlaganimizda boshqalari yugurib kelib, «Mening nonimni oling, meniki yaxshi», deya o‘z mahsulotlarini tiqishtiradilar. Bu ham o‘ta xunuk bir holat. Karvon ko‘p, rizqi bo‘lak, deydi dono xalqimiz. Hammaning rizqini Alloh taoloning o‘zi beradi. Shunday ekan, yonimizdagi sotuvchilarni, bozor yoki do‘konda o‘zimizga qo‘shni bo‘lgan kishilarni ranjitmasdan, ularga zarar bermasdan, inoqlikda ishlashimiz lozimdir. Axir qo‘shnichilik, birodarlik degan tushunchalar ham borku. Ilmsizlik tufayli shu kabi holatlar hozirgi kunda juda ham avj olib ketmoqda. Ba'zan ko‘chada taksi to‘xtatib turganimizda, shunday holatlar ham ro‘y beradiki, endigina bitta haydovchi bilan gaplashishni boshlaganimizda, nari-beridagi boshqa kirachilar ham yo baqirib, yo signal chalib, «O‘tiring, qayoqqa ketyapsiz?», deya o‘rtaga suqiladi. Iloji bo‘lsa-yu birovning mijozini shartta ilib ketishsa. Bundan ham battarrog‘i, ko‘chada qo‘l ko‘tarib taksi to‘xtatib turibsiz, kelayotgan mashinalardan biri sizni ko‘rgach, tezlikni tushirib, siz tomonga qarab sekinlashib kelyapti, siz ham buni bilib turibsiz.

Shu payt kutilmaganda umuman to‘xtatilmagan boshqa bir mashina yo‘lning deyarli narigi betidan mashinani shartta siz tomonga buradida, avvalgi mashinadan oldin yetib kelib, oldingizda paydo bo‘ladi va gaplashib sizni olib ketadi. O‘zlarining bunday «uddaburonliklari» aslida pastkashlik va o‘zini hurmat qilmaslik ekanini bilmaydilar ham. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bunday holatlardan qaytarib: «Sizlardan hech kim o‘z birodarining savdosi ustiga savdo qilmasin!» deganlar. Ahamiyat bersak, hadisda «Birovning savdosi ustiga...» emas, balki «O‘z birodarining savdosi ustiga savdo qilmasin!..» deya do‘st-birodarlikka alohida urg‘u berilyapti. Birovning savdosi ustiga savdo qilib, birovning mijozini o‘ziga chaqirib olayotgan inson bilsinki, u o‘z og‘a-inisiga zulm qilyapti. Holbuki, u o‘ziga bo‘lmasa ham, o‘sha birodariga ne'mat nasib bo‘layotganidan sevinishi kerak edi. Axir, Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): «O‘zing uchun yaxshi ko‘rgan narsangni boshqa birodaringga ham ravo ko‘rgin!», deganlar. Shunday bo‘lgach, do‘kondor nafaqat yonidagi do‘kondorning savdosini buzishi, balki uning savdosi yaxshi yurishmayotgan bo‘lsa, ayrim mijozlarini yuborib, yordam qilishi nur ustiga nurdir. Endi, shu holatning teskarisi esa «Xarid ustiga xarid qilish» deb ataladi. Chunki, xarid ham savdoning bir turi hisoblanadi aslida. Buning misoli shundayki, Karim Salimdan 100 ming so‘mga qandaydir buyum sotib olyapti. Shunda bundan xabar topgan boshqa kishi Salimning oldiga kelib «O‘sha narsangizni menga soting, men 120 ming so‘m beraman», deya sotuvchining narigi odam bilan qilayotgan savdosini buzdiradi va o‘zi sotib oladi. Bu ish xaridorga nisbatan zulm va xiyonat hisoblanadi.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi.

Mavzuga oid