Fan-texnika | 18:09 / 09.01.2017
17361
5 daqiqa o‘qiladi

Ilk iPhone taqdimotiga 10 yil bo‘ldi: ekspertlar uning muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga ishonch bildirishgandi, biroq...

Foto: Reuters

2007 yilning 9 yanvarida Stiv Jobs sahnadan turib, birinchi iPhone'ni namoyish qilgan. Ekspertlarning ko‘pchiligi o‘shanda qurilmani muvaffaqiyatsiz deb atab,  uni hech kim sotib olmasligini aytishgan. Yangi qurilma 29 iyun kuni sotuvga chiqdi. Hi-tech ilk iPhone va ekspertlarning unga doir fikr-mulohazalari bilan bo‘lishdi. 

Taniqli TechCrunch resursi kolumnisti Set Porjyes o‘shanda yangilikka ijobiy yondashmagandi:

"Bizning taxminimiz: iPhone portlab ketadi".

Porjyesning fikricha, mahsulot maksimal darajada noqulay ishlangan. "Ekran shishasi sinib ketishi mumkin, klaviaturada xabarlarni terish qiyin, batareya quvvati uzoqqa yetmaydi, dasturiy ta'minot umuman rasvo. iPhone'da hech bo‘lmaganda qo‘shiq eshitish imkoni qoldirilgani uchun ham rahmat". 

Foto: YouTube

Devid Platt – dasturlash bo‘yicha 11 kitob muallifi va Harvard universitetining Extension maktabida .NET o‘qituvchisi. 2007 yilning 21 iyunida u iPhone haqida shunday yozgan:

"Apple muvaffaqiyatsizlikka uchrash uchun iPhone taqdimotini o‘tkazadi".

Ekspert yangi smartfon konstruksiyasini xato deb atadi. Taqdimotda esa Stiv Jobs smartfon konstruksiyasi haqida berilib so‘zladi:

Taniqli marketolog El Ris iPhone ishlab chiqaruvchilari giyohvand moddalarga doir tekshiruvlardan o‘tkazilsa, sinovdan o‘tolmasliklarini aytib hazillashgan. 

"iPhone yirik muvaffaqiyatsizlikka uchraydi", - degan u. 

Bugun u xato qilganini tan oldi. Bundan tashqari - ekspert iPhone'ni "muhandislik g‘oyasining mo‘'jizasi", deb atadi. 

Foto: Flickr 

The Street  va The Wall Street Journal'ning moliyaviy mavzulardagi maqolalari muallifi Brett Ardens 2007 yilning 29 iyuni - Apple kompaniyasining ilk smartfonlari sotuviga start berilgan kun "iPhone'ni xarid qilmaslik uchun besh sabab" sarlavhasi ostida maqola taqdim etgan. Maqola avvalida u iPhone qurilmasining ko‘rinishidan chiroyli ekanini tan olgan bo‘lsa-da, masalaga real ko‘z bilan qarashni taklif qilgan:

"iPhone – kelajak emas. Bu yangi davrni boshlab beruvchi inqilobiy mobil qurilma emas".

Investitsion tahlilchi Todd Sallivan iPhone qurilmasini "Apple'ning birinchi muvaffaqiyatsiz loyihasi", deb atagan. Keyinchalik Sallivan nohaq bo‘lganini tan oldi va uning bu haqidagi xabari iPhone smartfonidan yuborildi. 

Tero Kuittinen Forbes uchun "Apple'ning xavfli yurishi" maqolasini yozdi. Unda muallif shunday deydi: 

"Apple'ning ilk telefoni haqida ko‘p gaplar aytildi - iboralarning aksariyati mubolag‘alarga to‘la. Jahon bozorining iPhone'ni rad etishi Apple'ga qimmatga tushishi mumkin".

Keyinroq Kuittinen Apple kompaniyasi xizmatlarini to‘g‘ri baholamaganini ta'kidlagan. 

Foto: YouTube

Metyu Linn Bloomberg uchun yozgan maqolasida iPhone qurilmasining bozorga ta'siri minimal darajada  bo‘lishi to‘g‘risida fikr bildirgan: 

"Smartfon faqat bir necha gadjyet-friklargagina yoqadi".

O‘shanda Linnga Nokia va Motorola iPhone taqdimoti tufayli  asabiylashmasa ham bo‘ladigandek tuyulgan, biroq vaziyat u o‘ylagandek bo‘lib chiqmadi. 

Jim Launderbek PC Magazine uchun taqdim etgan materialida Apple dastlab ko‘p iPhone sotishi, biroq keyin sotuvlar tushib ketishini taxmin qilgan. Ekspert internetga ulanishning sekinligi va noqulay tugmalarni iPhone'ning asosiy kamchiliklari, deb atagan. 

Jon Dvorak Marketwatch uchun yozgan maqolasida yangi qurilma kelajagiga umuman ishonmagan:

"Bir smartfon hammaga to‘g‘ri keladi" - kulgili konsepsiya". 

Microsoft bosh direktori Stiv Balmer bundan-da keskin fikr bildirgan:

"iPhone'ning bozorda ahamiyatli ulushga ega bo‘lishi uchun hech qanday imkoni yo‘q. Hech qanday!"

Microsoft koroporatsiyasining marketing bo‘yicha katta direktori Richard Sprag hamkasbining fikriga qo‘shilgan - u ham Apple'ning 2008 yilga borib 10 million iPhone'ni sota olishiga ishonmagan. 

Biroq tarix hammasini o‘z bilganicha joy-joyiga qo‘ydi. Har yangi iPhone dunyo bo‘ylab yanada ko‘p fanatlarga ega bo‘lib kelmoqda. 

Mavzuga oid