Sport | 14:44 / 10.01.2017
7339
2 daqiqa o‘qiladi

Sportchi qanday bo‘lishi kerak: Biatlonchi Tereza Hauzer buni yana bir bor ko‘rsatib berdi

Biatlon bo‘yicha Oberxofdagi Jahon Kubogi bosqichida noqulay vaziyat yuzaga keldi: avstriyalik Liza Tereza Hauzer nishablikka ko‘tarilish vaqtida germaniyalik biatlonchi Vanessa Xintsning chang‘isi tayoqchasini sindirib qo‘ydi. Ammo avstriyalik sportchi vaziyatni tezkorlik bilan to‘g‘riladi va raqibiga o‘zinikini berib, o‘zi bitta tayoqcha bilan harakatlanishda davom etdi. Poygadan keyin Liza Tereza o‘z harakatini shunday izohlagan:

– Yuqoriga ko‘tarilishda Vanessaning hassasini sindirib qo‘ydim va o‘zimni aybdor his qila boshladim. Shuning uchun o‘zimnikini unga berishga qaror qildim. Aybim tufayli vijdonim qiynalayotgandi va poyga oxiriga qadar bu qiynoq bilan yurishni istamadim.

Liza Tereza Hauzer poygani oxiriga qadar davom ettira olmagan. Vanessa Xints esa Hauzerning yordami tufayli poygani 21-o‘rinda yakunlagan.

– O‘shanda Liza tezda yonimda paydo bo‘ldi va o‘zining tayoqchasini uzatdi. Men avvaliga unga buning hojati yo‘qligini aytdim, ammo u mehribonlik qilishda davom etdi va uni oldim. Bizning sportda adolat bor, barcha bir-biriga yordam ko‘rsatadi.

Albatta, bu mening faoliyatimdagi eng esda qolarli voqealardan biri bo‘ldi. Men nima deyishni ham bilmay qolgandim. Undan minnatdorman.

Mavzuga oid