Jahon | 10:02 / 11.01.2017
4461
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp maslahatchisi: AQSh o‘z irodasini o‘tkazish uchun juda ko‘p vaqt sarfladi

AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp va uning atrofidagi shaxslarning fikricha, AQSh o‘z irodasi va liberal qadriyatlarini boshqa mamlakatlarga singdirish uchun juda ko‘p vaqtini sarflagan. Vashington yangi rahbar bilan ko‘p hollarda boshqa mamlakatlar an'analari va manfaatlarini ham hisobga ola boshlaydi. Bu haqda Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi yordamchisi  Ketlin Makfarlend Vashingtondagi Tinchlik institutida bo‘lib o‘tgan anjumanda bayonot bergan. 

"Balkim, biz ular nimani o‘ylashi kerakligini anglatish uchun ko‘p vaqt sarflagandirmiz", - degan maslahatchi. Shu bilan birga, Makfarlendning va'da qilishicha, AQShning yangi hukumati xorijiy hamkorlarning manfaatlarini ham hisobga ola boshlaydi. 

U, shuningdek, AQShning iste'foga chiqayotgan ma'muriyati yuritgan tashqi siyosatni ham tanqid qilgan. "Amerika tashqi siyosatining so‘nggi 15 yillik tarixi baxtli hodisa emas edi", - degan AQShning 45-prezidenti maslahatchisi. 

Shu bilan birga, Tramp ma'muriyati Amerika tashqi siyosatining tomini butunlay buzib tashlamaydi, balki "mohirona sozlamalar"ni o‘tkazadi.

"Albatta, Amerikaning harbiy davrdan keyingi tarixining uzviy qismi bo‘lgan narsalardan umuman voz kechish xususida hech kim so‘z yuritgani yo‘q. Biroq, ularni qayta sozlash kerak", - degan Makfarlend.

Uning ta'kidlashicha, "vaqt sinovidan o‘tgan qoidalar Tramp tashqi siyosatining poydevori bo‘ladi". "Gap Amerika qadriyatlari, Amerikaning global miqyosdagi yetakchiligi haqida bormoqda. U saqlab qolinadi. Ammo, uning shakli o‘zgarishi mumkin. Bu borada turli imkoniyatlar mavjud", - deya izohlagan Tramp maslahatchisi. 

Makfarlend, shuningdek, Suriyadagi vaziyat yuzasidan fikrlarini bildirar ekan, uni AQSh hukumati uchun "eng yirik chaqiriqlardan biri" sifatida tan olgan. 

Bundan tashqari, Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi yordamchisi ehtimoliy xakerlik hujumlarining Tramp g‘alabasini ta'minlashga yordam berganiga oid ta'kidlarni keskin rad etgan. 

"Rossiyaliklar nima qilishidan qat'i nazar, saylov natijasiga ta'sir ko‘rsatganiga oid birorta dalil yo‘q. Hillari Klinton va demokratlarning mag‘lubiyatini Rossiya zimmasiga yuklamoqchi bo‘lganlar xato qiladi. O‘ylaymanki, demokratlarning bunday urinishlari xato", - degan Makfarlend. 

 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid