Obama ayrim davlatlarga nisbatan o‘zining xayrlashuv sanksiyalarini qabul qildi
AQSh prezidenti Barak Obama Vashington ma'muriyati tomonidan Eron va Liviya, Yaqin Sharqdagi terrorchi guruhlar, Zimbabve hamda Venesuelaga nisbatan ayrim sanksiyalarni o‘z kuchida qoldirishga qaror qildi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar qilgan.
Obamaning Eronga nisbatan sanksiyalarni saqlab qolish bo‘yicha qarorida aytilishicha, garchi rasmiy Tehron 2015 yilda Venada erishilgan kelishuv (yadro dasturining tinch mohiyati)ga amal qilayotgan bo‘lsa-da, Eronning boshqa harakatlari AQShning "milliy xavfsizligi va tashqi siyosatiga tahdid uyg‘otishda davom etmoqda".
Bundan tashqari, Barak Obama Liviyaga nisbatan favqulodda holat tartibini saqlab qolish hamda ag‘darilgan Muammar Qozzofiy oila a'zolari va hukumati vakillariga qarshi Amerika sanksiyalarini noma'lum muddatgacha uzaytirish bo‘yicha xulosa qilgan.
Rasmiy Vashington mamlakatdagi "inson huquqlari buzilayotgani"ni vaj qilib, Venesuela hukumatining ayrim vakillariga nisbatan sanksiyalarni ham o‘z kuchida qoldirgan. Davlat rahbarining qarorida aytilishicha, bu mamlakatda "siyosiy muxolifat ta'qib qilinadi, matbuot cheklangan, zo‘ravonliklar qo‘llaniladi".
Bundan tashqari, Oq uy rahbari Zimbabve hukumati a'zolariga nisbatan cheklovlarni ham saqlab qolish bo‘yicha xulosa chiqargan. AQSh rahbari fikricha, ular Zimbabvedagi demokratik jarayonlarga to‘siq bo‘lmoqda.
Barak Obama, shuningdek, Yaqin Sharq muammosiga tinch yo‘l bilan barham berish jarayoniga rahna solayotgan terrorchilarga nisbatan ham sanksiyalar muddatini uzaytirgan.