Jamiyat | 17:05 / 15.01.2017
7866
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda birinchi marta 26 antibiotikka chidamli superbakteriyadan o‘lish holati qayd etildi

AQShda dunyoda birinchi marta 26 antibiotikka chidamli superbakteriyadan o‘lish holati qayd etildi. Bu haqida BBC News xabar berdi. 

2016 yilning avgustida Nevada shtatida yashovchi ayol Hindistonda dam olib kelganidan keyin Qo‘shma Shtatlarga qaytdi va bexosdan o‘ng oyog‘ini sindirib oldi. Sentyabr oyida 70 yoshli ayol septik shok natijasida hayotdan ko‘z yumdi. 

Kasalliklarni nazorat qilish va davolash markazi mutaxassislari to‘qima namunalarida Klebsiella pneumoniae bakteriyasini aniqlashdi. U odatda kasalliklarni chaqirmay, ichak, teri va og‘iz bo‘shlig‘ining normal mikroflorasi tarkibiga kiradi.

Biroq bu safar aynan uning yangi shtammi amerikalik ayol o‘limiga sabab bo‘ldi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, u AQShda mavjud  26 antibiotikning barchasiga chidamli bo‘lib chiqqan. 

Britaniyadagi Antibiotiklarni tadqiq qilish markazining bosh ilmiy xodimi doktor Devid Braunning so‘zlariga ko‘ra, superbakteriyalar bilan kasallanish holatlari favqulodda kam uchraydi, biroq kelgusida bunday holatlar ko‘payishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. 

Antibotiklarga chidamlilik tabiiy tanlov natijasida rivojlanishi mumkin, bu esa bakteriyalar orasidagi mikroorganizmlarni dorivor preparatlarga qarshilik qilish xususiyati bilan ta'minlovchi mutatsiyalarning kengayishiga olib keladi. Tibbiyot xodimlari superbakteriyalar tufayli yuzaga keluvchi kasalliklarni samarali davolash imkonini beruvchi yangi usullarni ishlab chiqishmoqda. Masalan, nonazarrachalarni qo‘llash 92 foizgacha patogen mikroorganizmlarni o‘ldirishga imkon beradi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid