Jamiyat | 12:22 / 15.01.2017
13632
6 daqiqa o‘qiladi

Qorong‘ida daraxt dev bo‘lib, olma esa tosh bo‘lib ko‘rinadi

Dunyoga endigina kelgan chaqaloqni go‘yo oppoq, toza daftarga tashbeh qilish mumkin. Endi bu daftarga u ko‘radigan, eshitadigan, sezadigan barcha narsalar yozila boshlaydi. Demak inson hayotining ilk lahzalaridan boshlab ilm ola boshlaydi. “Ilm” so‘zi lug‘atda “bilish, anglab, tushuncha hosil qilish, bir narsaning haqiqatini, mohiyatini bilish” kabi ma'nolarni anglatadi. Shuning uchun ulamolar ilmga “haqiqatni xuddi voqelikdagidek idrok qilish” deb ta'rif berishgan. Buning ma'nosi shuki, olingan ma'lumot asl mohiyatni to‘g‘ri anglatsagina, undan dunyo va oxiratiga manfaat hosil bo‘lsagina chinakam ilm hisoblanadi.

Ilm ikki dunyo saodatining kalitidir. Inson hayotini to‘g‘ri yo‘lga solmagan, uning fe'l-atvoriyu amalida ta'siri bilinmagan ilmda yaxshilik, xayr-baraka yo‘qdir. Shuning uchun o‘rganilgan emas, amal qilingan ilm haqiqiy ilm sanaladi. O‘qigan, bilganiga amal qilmagan odam bu ilmning hammoli bo‘ladi, xolos.

Mavlono Jaloliddin Rumiy aytganlaridek, “Jaholat – zulmatdir. Qorong‘ida daraxt dev bo‘lib, olma esa tosh bo‘lib ko‘rinadi”. Johil odamga oddiy narsa qo‘rqinchli bo‘lib, yaxshi narsa foydasiz bo‘lib ko‘rinadi. Bu illatning davosi esa ilmdir. Ilm haq bilan botilni farqlashning eng muhim vositalaridan biridir, bitmas-tuganmas xazinadir.

Ilmning o‘zi shu qadar xazinaga ega ekan, uni o‘rgatgan olimlar, ustozlar, murabbiy va muallimlarning fazli qanchalar ulug‘ bo‘ladi? Albatta, bizni ilm dengizidan, hikmat sarchashmalaridan bahramand qilgan ustozlarimizning darajalari benihoya yuksak bo‘ladi. “Ustoz otangday ulug‘” deb bejizga aytilmagan.

Buyuk ajdodlarimiz, bobokalonlarimiz ilmli bo‘lganlar, ilm o‘rganishni farz, ilm o‘rgatishni esa burch deb bilganlar, pok niyat bilan ilm ummonidan duru javohirlar qidirganlar. Shu bois, muqaddas diyorimiz ilmu ma'rifat makoniga aylandi, ko‘plab masjidu madrasalar bino bo‘ldi, ulardan ming-minglab buyuk zotlar yetishib chiqdi. Xalqimizning chinakam iftixori bo‘lmish bu ulamolar va fuzalolar bashariyatga mudarris bo‘ldilar, islom nurini butun olamga taratdilar, dunyoni ilmu ma'rifatga to‘ldirdilar.

Imom Buxoriy, imom Termiziy, imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband, al-Farg‘oniy, Zamaxshariy, Beruniy, Ibn Sino kabi buyuk allomalarimiz diyorimizning dovrug‘ini kurrai zaminga, jumlai jahonga yoydilar. Mana ming yildan oshdiki, butun dunyo bizni Buxoriyning vatandoshlari, Termiziyning avlodlari deb ehtirom qiladi.
Biz ana shunday ulug‘ ajdodlarning avlodlarimiz, ular qoldirib ketgan bitmas-tuganmas ilmiy merosning, ulkan xazinaning vorislarimiz. Yurtimiz istiqlolga erishganiga chorak asr to‘lgan bugungi dorulamon kunlarda sizu bizning vazifamiz yana ilmga berilish, fan-texnika taraqqiyoti tufayli erishgan barcha bilimlarni egallashdir. Zero, islom dini insonning ikki dunyo saodatiga erishishi uchun manfaatli bo‘lgan har bir bilimni ilm deb hisoblaydi.

Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash ko‘p jihatdan har bir sohada fidoyi mutaxassislar yetishtirish bilan bog‘liqdir. Shunday ekan, ilm-fanning qaysi yo‘nalishi bo‘lishidan qat'i nazar, hayotning bugungi talablariga javob bera oladigan bilim va ko‘nikmalar hosil qilishimiz lozim.

Shu o‘rinda aytish joizki, botil haqqa ergashsa, taraqqiy etadi, biroq haq botilga ergashsa, tanazzulga yuz tutadi. Bunga ming yillik tarix shohiddir. G‘arb olami islomdan ilmga chanqoqlikni, izlanuvchanlikni o‘rgandi, musulmonlar to‘plagan bilim va tajribalarni o‘zlashtirdi. Natijada ulkan taraqqiyotga erishdi. Ilmni faqat xolis niyat bilan, Allohning roziligi uchun o‘rganish lozim. Uni kimlar bilandir bahslashish, ilmini ko‘z-ko‘z qilish, dinni niqob qilib, turli dunyoviy, g‘arazli maqsadlariga erishish vositasi qilib olish gunohi kabiradir. Bugungi kunda ba'zi yoshlarimizning o‘z tarixi, islom tarixi, dunyo tarixini yaxshi bilmasligidan, siyosiy ongining yetarli shakllanmaganidan ustalik bilan foydalanib qolayotganlar bor. Ularning aldovlariga uchayotganlar oilasiga, Vataniga va eng yomoni, Allohning diniga loy chaplamoqdalar, g‘arazli maqsadlarni ko‘zlovchi kuchlar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib, manqurtga aylanayotgani achinarlidir.

Shuning uchun ham bugungi avlod oldida ulkan, mashaqqatli va sharafli vazifa turibdi. Bu vazifa – Vatanimizning buguni va ertasi oldidagi mas'uliyatni chuqur his etishdir. Bu mas'uliyatni zimmaga olish uchun teran aqlga, dunyoviy ilmlarga ega bo‘lishimiz lozim.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi, 
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi, 
“Mirza Yusuf” jome masjidi imom-xatibi
.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid