O‘zbekiston | 21:38 / 15.01.2017
49967
5 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini sarhisob qildi

2017 yil 14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlis ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari, hukumat a'zolari, xo‘jalik birlashmalari, jamoatchilik tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari, viloyat, shahar va tuman hokimlari qatnashdilar. Birinchi bor viloyat, shahar va tumanlar markazlarida tashkil etilgan studiyalar bilan videokonferensiya aloqasi orqali hukumat majlisida mahalliy hokimiyat, vazirlik, idoralar hududiy bo‘linmalari, korxonalarning rahbar xodimlari va tadbirkorlar ishtirok etdilar.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma'ruza qildi.

Ma'ruzada O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov boshchiligida ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli”ni va mamlakatni o‘rta muddatli istiqbolda yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va modernizatsiya qilish Dasturini izchil amalga oshirishni davom ettirish 2016 yilda iqtisodiy o‘sishning barqaror va yuqori sur'atlarini saqlab qolishni va makroiqtisodiy muvozanatni, aholi hayot darajasi va sifati oshishini ta'minlaganligi qayd etib o‘tildi.

Vazirlar Mahkamasi majlisi kun tartibiga kiritilgan muhim masalalarni muhokama qilish davomida 2016 yil yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulot 7,8 foizga o‘sganligi qayd etib o‘tildi. Sanoat mahsuloti hajmlari – 6,6 foizga, qurilish-pudrat ishlari – 12,5 foizga, chakana savdo aylanmasi – 14,4 foizga, xizmatlar – 12,5 foizga o‘sdi. Davlat byudjyeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi ta'minlandi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmadi va 5,7 foizni tashkil etdi.

Iqtisodiyotga 16,6 milliard AQSh dollari miqdorida yoki 2015 yilga nisbatan 9,6 foizga ko‘p investitsiyalar yo‘naltirildi. O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 11,3 foizga o‘sdi va 3,7 milliard dollardan oshib ketdi. Umumiy qiymati 5,2 milliard dollar bo‘lgan 164 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish yakunlandi. Shu jumladan, “JM O‘zbekiston” aksiyadorlik jamiyatida “T-250” modeldagi yengil avtomobillarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi, Jizzax viloyatida sement zavodi kengaytirildi, Tolimarjon issiqlik energiya stansiyasida quvvati 900 MVt bo‘lgan bug‘-gaz qurilmalari hamda Angren issiqlik energiya stansiyasida quvvati 150 MVt bo‘lgan yuqori kulli ko‘mirni yoquvchi energiya bloki ishga tushirildi.

Farg‘ona vodiysi viloyatlarini mamlakatning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan, Qamchiq tog‘li dovoni orqali o‘tuvchi 19 kilometrlik noyob tunnelga ega bo‘lgan elektrlashtirilgan yangi Angren – Pop temir yo‘l liniyasi qurildi. Toshkent – Buxoro marshruti va qarama-qarshi yo‘nalish bo‘yicha yuqori tezlanishli “Afrosiyob” yo‘lovchi tashuvchi elektropoyezdlar harakati tashkil etildi.

Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya va diversifikatsiyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturiy chora-tadbirlar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish hajmlarini 6,6 foizga, jumladan, meva-sabzavot – 11,2 foizga, kartoshka – 9,7 foizga, sabzavot mahsulotlari yetishtirish 10,4 foizga o‘sishini ta'minladi.

Xususiy mulk va tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab- quvvatlash va himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi 2016 yilda 32 mingtaga yaqin yoki 2015 yilga nisbatan 18 foizga ko‘p kichik biznes sub'yektlari tashkil qilinishiga turtki bo‘ldi. Kichik biznesning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi hissasi 56,9 foizgacha, sanoatda esa 45 foizgacha oshdi.

Ijobiy tarkibiy o‘zgartirishlar va iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur'atlari tufayli aholining real daromadlari 11 foizga oshdi. Byudjyet tashkilotlari xodimlarining ish haqi 15 foizga, pensiya va ijtimoiy nafaqalar – 12,1 foizga, aholi jon boshiga real daromadlar – 11 foizga o‘sdi, 726 ming nafarga yaqin aholining, shu jumladan, 438,5 ming kollej bitiruvchisining bandligi ta'minlandi.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida ona va bolaning salomatligini muhofaza qilishni kuchaytirish, sog‘lom va har tomonlama rivojlangan avlodni shakllantirish bo‘yicha keng chora-tadbirlar kompleksi amalga oshirilib, ularni moliyalashtirishga barcha manbalar hisobidan 8 trillion so‘m va 212 million dollar mablag‘ yo‘naltirildi.

Mavzuga oid