Jamiyat | 16:56 / 17.01.2017
5614
2 daqiqa o‘qiladi

Norvegiya poytaxtida dizelli mashinalar vaqtinchalik taqiqlandi

Oslo shahri markaziga dizelli avtomobillarning kirishi taqiqlandi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, cheklov yomonlashib borayotgan ekologik holat tufayli kamida ikki kun davom etadi. Bu Norvegiya poytaxtida birinchi marta amalga oshirilmoqda.

Oslo markaziga “og‘ir” yoqilg‘iga ega bo‘lgan avtomobillar ichidan faqatgina jamoat va maxsus transport, shuningdek zamonaviy dvigatellarga ega yuk mashinalari kirishi mumkin. Qoidabuzarlar 165 yevrolik jarimaga tortiladi. Cheklov soat 6.00 dan 22.00 gacha amal qiladi.

Hukumat bunday qaror poytaxtdagi havo ifloslanish darajasining yuqoriligi, bu esa nafas olish yo‘llari bilan bog‘liq xastaliklardan aziyat chekuvchi fuqarolarga noqulaylik tug‘dirishi sababli qabul qilinganini ma'lum qilgan. Taqiqlov ikki kundan so‘ng – ekologik holat yana bir bora o‘rganib chiqilgach, qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. 

Norvegiyaliklarning aksariyati bunday qarorni qo‘llab-quvvatladi va dizelli avtomobillardan butunlay voz kechishga chaqirishdi. Odatda, dizel motorlari atmosferaga kamroq karbonat angidrid chiqaradi, biroq yuqori darajadagi azot dioksidini ham chiqarib tashlaydi.

2016 yil oxirida Ispaniya poytaxti Madrid shahrida ham avtomobillarning yarmiga shahar markaziga kirish taqiqlangandi. Shahar hukumati harakatni toq va juft sonli avtomobil raqamlariga ko‘ra cheklashgan. Cheklov havo ifloslanishining yuqori darajasi sabab joriy qilingan.

Mavzuga oid