Jamiyat | 12:41 / 21.01.2017
5234
2 daqiqa o‘qiladi

Apple chip yetkazib beruvchisi ustidan sudga shikoyat qildi

foto: Reuters

Apple korporatsiyasi o‘z qurilmalariga chip ishlab chiqaruvchi Qualcomm kompaniyasi ustidan sudga shikoyat qildi, deb xabar bermoqda The Wall Street Journal nashri. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Qualcomm uyali telefonlarda eng muhim qismlardan biri bo‘lgan modullovchi chiplar ishlab chiqaruvchi sifatida bozordagi yetakchiligidan foydalangan.

Da'vo arizasida Qualcomm Apple’ga chip yetkazib beruvchi boshqa kompaniyalarni qidirishga to‘sqinlik qilgani va o‘z patentlaridan foydalanish uchun litsenziyalar berilishiga juda katta haq talab qilgani aytilgan. 

Bundan tashqari, Qualcomm o‘z mahsulotini Apple’ga boshida imtiyozli shartlarda sotgan, biroq keyin bu chegirmalarni bekor qilgan. Imtiyozlarning bekor qilinishi Apple kompaniyasi Qualcomm’ning litsenziya berish amaliyoti bo‘yicha tergov o‘tkazayotgan Janubiy Koreya tartibga soluvchi idoralari bilan hamkorlik qila boshlangandan keyin qabul qilingan. 

Apple Qualcomm’dan imtiyozlar bekor qilinishi oqibatida ko‘rgan 1 mlrd dollarlik zararni qoplab berishni talab qilmoqda. 

AQSh Federal savdo komissiyasi 17 yanvarda Qualcomm ustidan sudga da'vo ariza bergan. Komissiya kompaniyani chiplarga monopoliyani saqlab qolishga qaratilgan noqonuniy harakatlarni amalga oshirishda ayblamoqda.

Mavzuga oid