Jamiyat | 18:52 / 21.01.2017
24637
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda “osilib qolgan teri sindromi” bilan og‘rigan 4 yoshli bolaning onasi yordam so‘ramoqda

Ostona shahrida to‘rt yoshli Yernar Alibekovning onasi shahar hokimiyatidan uy-joy muammosini hal etishda yordam ko‘rsatishni so‘ramoqda, deb xabar berdi Tengrinews.kz. Uning o‘g‘li kamyob kasallikka chalingan – “osilib qolgan teri sindromi”.

Zebiniso Tulebergenovaning so‘zlariga ko‘ra, Yernar oddiy chaqaloqlar kabi dunyoga kelgan. Biroq tug‘ruqdan so‘ng bolaga bir necha tashxis qo‘yishdi, ular orasida “yurak kasalligi” ham bor. Ayol ikki oydan so‘ng bola yuzida terining osilib borayotganini payqadi. Shundan so‘ng “qarish” jarayoni Yernarning butun tanasi va hattoki organizmida kuzatildi. Yosh oila qimmat dorilarni xarid qilishi tufayli shahar chekkasidagi bir xonali xonadonga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldi.

Chaqaloq bir yoshga to‘lganda, unda bir qator qo‘shimcha kasalliklar borligi aniqlandi. O‘shanda terining osilib qolishi yanada ko‘proq namoyon bo‘la boshladi. Bundan tashqari, bolaning o‘pkasida ham kamchiliklar aniqlandi. Unga “o‘pkaning ikki tomonlama fibrozi”, “og‘ir darajadagi bronxial astma” va “gipotireoz” tashxislarini qo‘yishdi. 

"U to‘rt yil davomda uch bora jarrohlik amaliyotidan o‘tkazildi. O‘g‘lim dunyoga kelganidan beri ko‘plab dori-darmon xarid qilishimizga to‘g‘ri keldi, sababi uning immuniteti kuchsiz va ko‘plab xastaliklari bor. Bir oyda taxminan 40-50 ming tenge sarflanadi. Biroq bular dori-darmonlarning bir qismiga ketadi. U o‘zini yaxshi his qilishi uchun bir haftaga yetadigan 74 ming tengelik dori kerak bo‘ladi. Biz esa uni doimiy ravishda qabul qilamiz", - dedi Zebiniso Tulebergenova.

Ayol 2016 yil dekabr oyi oxirida hokimiyatga bu qimmat dorini olishga yordam ko‘rsatishlarini so‘rab murojaat qildi. U yerda esa joriy yilning yanvar oyi oxirida javob qaytarishlarini aytishgan. Ayolning ta'kidlashicha, o‘z farzandi uchun to‘laqonli davolash ishlarini ta'minlashni istaydi. Biroq, bola otasi maoshining bir qismi xonani ijaraga olishga sarflanadi. Shuning uchun u imtiyozli uy-joy olish uchun yordam ko‘rsatishlarini so‘rab shahar hokimiyatiga ariza bergan.

"Biz 2014 yildan beri navbatda turamiz va u hech kelmayapti. Hokimiyat bizning holatimizni to‘g‘ri tushungan holda yordam berishini istaymiz. O‘z xonadonimiz bo‘lsa, farzandimizni davolash ishlari ancha yengilroq kechardi", - qo‘shimcha qildi yosh ona.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kasallik sababini aniqlash va uni davolash uchun Moskva shahrida qimmat bo‘lgan tibbiy tekshiruvdan o‘tish kerak. Biroq Tulebergenova hozircha buni amalga oshirmoqchi emas, sababi mablag‘i yo‘q. Ayol ko‘proq o‘g‘liga bir haftaga yetadigan dori vositasi uchun 74 ming tengeni qayerdan topish haqida bosh qotirmoqda. U bu maqsad uchun Instagram’da sahifa ochgan hamda shu orqali davolash uchun mablag‘ yig‘ishni maqsad qildi.

Mavzuga oid