O‘zbekiston | 19:27 / 23.01.2017
26659
9 daqiqa o‘qiladi

Erkin iqtisodiy zonalar ham ma'muriy buyruqbozlik va qog‘ozbozlikdan xoli emas

Ma'muriy-buyruqbozlikning ortiqcha mashmashalari, elektr va gaz ta'minotidagi uzilishlar va boshqa muammolardan erkin iqtisodiy zonalarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar ham xoli emas. Bu kabi muammolar haqida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda oshkora so‘z yuritildi. Yuqorida qayd etilgan muammolar, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan imzolangan «„Urgut“, „G‘ijduvon“, „Qo‘qon“ va „Hazorasp“ erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmonidan so‘ng yanada dolzarblik kasb etmoqda. Bu haqda Gazeta.uz sayti yozmoqda.  

O‘zbekiston biznesi vakillarining fikricha, yangi EIZlarga sarmoyadorlarni jalb qilish uchun, dastavval mavjudlaridagi (O‘zbekistonda «Navoiy», «Jizzax» va «Angren» EIZlari faoliyat yuritadi) muammolarni bartaraf etish darkor. 2016 yil oktabr oyida Davlat rahbarining «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» farmoni bilan avvalgi imtiyozlar bekor qilingan. Bu haqda bojxona ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha navoiylik mutaxassis Yunus Otaboyev ma'lum qilgan.

«Prezident farmoni chiqdi, u aslida bizning faoliyatimizga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi lozim edi. Biroq, hujjat chiqishi bilan bizdan bojxona to‘lovlari va soliqlarni to‘liq hajmda talab qila boshlashdi. Yangi me'yoriy hujjatlar chiqsa, ular yoki ishlamaydi, yoki boshqa hujjatlarga zid keladi. Sizdan Navoiyga kelib, mahalliy tadbirkorlarning muammolarini tinglashni so‘raymiz», — deya taklif bildirgan Otaboyev.

Davlat bojxona qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Jasur Saidaliyev bunday holatlar mavjudligini tan olgan. Farmon bandlaridan birida, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xom ashyo va uskunalar, materiallar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinishi haqida so‘z boradi. Biroq, ayni ro‘yxatning mavjud emasligi sabab, bojxona organlari tadbirkorlarga imtiyozlarni taqdim eta olmayapti. DBQ vakilining aytishicha, hujjatga yaqinda tuzatishlar kiritilgan, ular tez orada kuchga kiradi. Ortiqcha xarajatlar esa egalariga qaytariladi.

Umuman, yig‘ilishda «O‘zbekenergo» va «O‘ztransgaz» vakillariga eng ko‘p tanqid yog‘ildi. «O‘zvinosanoatxolding» vakili Temur Tashtanovning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar uchun eng dolzarb muammo bu — elektrenergiyasi va gazni uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha kafolatning yo‘qligidadir.

«Biz bu masalada tez-tez muammolarga duch kelamiz. Masalan, mahsulot ishlab chiqarish jarayoni o‘rtaga yetganida yorug‘lik manbai o‘chadi. Uch kundan keyin masala hal, ammo, mahsulot ham yaroqsiz holga kelib bo‘ladi. Bunda yetkazilgan zarar uchun hech kim javobgarlikni zimmasiga olmaydi. Bizga har safar mas'uliyatni hal qilib berish emas, bu muammo umuman bo‘lmasligi kerak», — degan Tashtanov.

SSP raisi Alisher Shayxov biznes-jamiyatlarni bu kabi kamchiliklar haqida ochiqcha gapirishga chaqirib, gaz va elektrenergiyasi yetkazib beruvchi kompaniyalarga sarmoyadorlar e'tiborini chalg‘itayotgan muammolarni tezroq hal qilish vazifasini topshirgan.

Lochin Asbob-Uskuna kompaniyasi direktori maslahatchisi Xurshid Bo‘riyev, o‘z navbatida, EIZlarda loyihani amalga oshirish jarayonini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Bunda yer ajratishdan to binoni qurishgacha bo‘lgan holat tanqidiy baholanishi kerak. Uning aytishicha, kerakli hujjatlarni to‘plashga olti oy vaqtini sarflagan, ammo ishni boshlashning iloji bo‘lmayapti.

«EIZ ma'muriyatining yer uchastkasini ajratish bo‘yicha qarorini olish uchun 20ta idoradan qog‘oz to‘plash kerak. Bu juda katta kuch talab qiladi. Misol uchun, loyihani tuzish va ekspertizadan o‘tkazish uchun ekologik nazorat boshqarmasida 48 kun yo‘qotildi. Qonun bo‘yicha 30 kun yozilgan. Yana bir masala bu texnik shart-sharoitlarga ega bo‘lish masalasi — aniqrog‘i, gaz va elektrenergiyasiga bo‘lgan limitni aniqlash bilan bog‘liq. Loyiha instituti bizga 120 kVt elektroenergiyasi kerakligini aytgan bo‘lsa, hududiy elektr tarmog‘i korxonasi 40 kVtga va'da bermoqda. Gaz bilan ham shu ahvol. Biz bitta muhrni olish uchun katta vaqt yo‘qotamiz. Ko‘plab qonun va farmonlar qabul qilingan. Ammo, ular hayotga tatbiq etilmaydi. Agar vaziyat o‘zgarmasa, yangi EIZdagi tadbirkorlarga ham oson bo‘lmaydi», — degan Bo‘riyev.

Alisher Shayxovning oydinlik kiritishicha, aslida, bu kabi masalalar bilan tadbirkorlar emas, EIZlar direksiyasi shug‘ullanishi kerak. Shunga ko‘ra, uning ogohlantirishicha, endilikda, har bir boshqaruv organlari noqonuniy harakati yoki harakatsizligi uchun javob beradi va yetkazilgan zararni qoplaydi.

«Angren» EIZda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi Qahramon Arziyev mamlakatda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni soddalashtirish uchun ikkita taklifni ilgari surdi. Birinchisiga ko‘ra, davlat va xususiy sektor o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaruvchi tuzilma bo‘lishi kerak. U tadbirkorlar muammolarini zudlik bilan amaliy hal qilsin. Ikkinchidan, korxonalarga o‘ziga xos pasport tizimini joriy qilish kerakki, u banklar tomonidan so‘raladigan «bir uyum qog‘ozlar» o‘rnini bossin.

Bunga javoban, Iqtisodiyot vazirligi vakili Shohruh Safarov, qog‘ozbozlikka barham beruvchi va yangi korxonalar tashkil etish vaqtini qisqartiruvchi onlayn-tizim ustida ish olib borilayotgani haqida ma'lum qildi.

«Auto Pad Systems» qo‘shma korxonasi asoschisi Asad Hikmatov mahalliy xom ashyoni olishdagi murakkabliklardan shikoyat qildi.

«Biz ikki yildan beri faoliyat yuritayotgan bo‘lsak-da, hozircha eksport qila olganimiz yo‘q. Shu paytgacha xom ashyoni 100 foiz Xitoydan keltirar edik. Transport xarajatlari sababli xom ashyo tannarxi Xitoyda ishlab chiqariladigan tayyor mahsulotga deyarli tenglashib qoldi. Biz 20 foiz xom ashyoni O‘zbekistonda xarid qilish bo‘yicha kelishuvga ham erishdik. Bu raqamni 80 foizgacha yetkazish imkoniyati ham bor. Ammo, buning uchun olimlarning ko‘magi kerak», - degan Hikmatov.

Bu masalani majlisda ishtirok etganlarning bir necha nafari ham qayd etishdi.

SSP raisi o‘rinbosari v.b. Nazira Dadaxanova korxonalar va universitetlar hamda ilmiy-tadqiqot markazlarining yetarli hamkorligi yo‘lga qo‘yilmaganini tan oldi va yuzaga kelgan vaziyatni hal etishda yordam berishga va'da berdi.

Bundan tashqari, davlat organlari vakillari qabul qilingan farmon va me'yorlar ijrosini muhokama qilish va EIZlarda faoliyat yuritayotgan kompaniyalarning fikrlarini bevosita bilish bo‘yicha ishchi guruhlar shaklida mintaqalarga chiqadi.

Markaziy bank vakili Adham Rajabovning qayd etishicha, endilikda, banklar nafaqat loyihalarni kredit ajratish yo‘li bilan moliyalashtiradi, balki ularni amalga oshirishda bevosita ishtirok etadi.

Shu bilan birga, EIZlar ishtirokchilariga ham ayrim tanqidiy fikrlar bildirildi. Xususan, SSP raisi Alisher Shayxov mazkur zonalarda joylashgan korxonalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik mavjud emasligini qayd etdi. Raqobatbardoshlik pastligi sabab, ayrim korxonalar, taqdim etilayotgan imtiyozlarga qaramay, mahsulotlarini xorijga sota olmayapti.

SSP majlisga xulosa qilar ekan, haqiqatdan ham ma'muriy-buyruqbozlik mamlakatni taraqqiyot sari ulkan qadam tashlash imkoniyatidan mahrum etishini ta'kidlagan. Bu illatni yo‘qotish uchun esa, xususiy sektorning yordami kerak. Ular o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishdan charchamasliklari va davlat organlari tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarliklarni oshkora aytishlari lozim.

Mavzuga oid