Jamiyat | 10:36 / 25.01.2017
7994
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda meksikalik erkak Tramp haqidagi bahs tufayli qo‘shnisining qulog‘ini tishlab, uzib oldi

AQShning Pensilvaniya shtatidagi Pittsburg shahrida istiqomat qiluvchi erkak AQSh prezidenti Donald Trampning siyosati haqidagi bahs davomida o‘z qo‘shnisining qulog‘ini tishlab, uzib oldi. Bu haqda CBS Pittsburgh sayti xabar berdi.

Erkak mamlakatga Meksikadan ko‘chib kelgan bo‘lib, yangi prezident uni AQShdan chiqarib yuborishidan xavotirda bo‘lgan. U spirtli ichimlik ta'sirida mamlakatdan chiqarib yuborishmoqchi bo‘lsa, ko‘plab insonlarni o‘ldirishga harakat qilishini aytgan.

Meksikalik bilan bir xonadonda yashovchi Marko Ortiz ismli 30 yoshli yigit esa qo‘shnisi bilan munozaraga kirgan, biroq erkak unga tashlanib, barmoqlarini qayirib tashlagan hamda qulog‘ini tishlab olgan. Jabrlangan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasiga qadar qochib borib, yordamga chaqirgan.

Politsiya yetib kelganida esa gumonlanuvchi qochib qolgani aniqlandi. Ortiz kasalxonaga olib ketildi, uning ahvoli barqaror ekani aytildi. Tishlab, uzib olingan quloq  esa xonadondan topildi.

Ma'lumot uchun, Tramp o‘zining saylovoldi kampaniyasi vaqtida AQSh hududida noqonuniy ravishda istiqomat qiluvchi taxminan 11 million kishini mamlakatdan chiqarib yuborish niyatida ekanini ma'lum qilgandi. Shuningdek, siyosatchi Meksika bilan chegarada devor qurishga ham va'da bergan.

Mavzuga oid