O‘zbekiston | 19:44 / 01.02.2017
20012
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 fevral kuni Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemmni qabul qildi. 

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlab, AQSh yetakchi kompaniyalari vakillari delegatsiyasining tashrifi va hamkorlikda biznes-forum o‘tkazilgani tomonlarning O‘zbekiston bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida o‘zaro foydali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligi va intilishi ortib borayotganidan dalolat berishini ta'kidladi. 

Yigirma yildan ko‘proq vaqt avval tashkil etilgan Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi bugun iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma dastur hamda loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirishning muhim mexanizmiga, ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida ishonchli ko‘prikka aylandi. 

Ayni paytda AQShning «Boeing», «General Motors», «General Electric», «CNH Industrial», «Hyatt», «Hilton» va boshqa ko‘plab jahonga mashhur kompaniyalari mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. 

O‘tgan yili ushbu kompaniyalar bilan ishlab chiqilgan va amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar samarasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 70 foizga oshdi va 454 million dollarga yetdi. 

Mamlakatimizda Amerika Qo‘shma Shtatlari kapitali ishtirokida tashkil etilgan 164 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etilgan AQSh investitsiyalari hajmi 1 milliard dollardan oshdi. 

Davlatimiz rahbari va Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokarada savdo-iqtisodiy, investitsiya, texnologiya, innovatsiya va ta'lim sohalarida uzoq muddatli hamda keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish xususida fikr almashildi. 

Iqtisodiyotning agrosanoat kompleksi, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarida AQShning yetakchi tashkilot va kompaniyalari tajribasi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari va zamonaviy texnologik yutuqlari asosida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar muhokama etildi. 

Xalqaro standartlarga muvofiq yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash borasida izchil hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. 

O‘zaro munosabatlarni, avvalo, iqtisodiyot sohasida mustahkamlashga qaratilgan hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish masalasi ham ko‘rib chiqildi. 

Kerolin Lemm Amerika – O‘zbekiston savdo palatasining barcha vakillari O‘zbekiston bilan hamkorlikda qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor ekanini tasdiqladi. 

Mavzuga oid