Light | 16:41 / 04.02.2017
55108
5 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng qimmat 5 shahar

Oxford Economics’ning Forbes’ga kelib tushgan hisobotiga ko‘ra, o‘rta daromadga ega bo‘lgan oilaga Honkong, Mumbai, Pekin yoki Shanxayda maydoni 90 kvadrat metr bo‘lgan xonadon xarid qilish uchun 30 yil talab etiladi. Hisobotda butun dunyo bo‘ylab istiqomat qiluvchi aholi daromadlari ko‘chmas mulk qiymati bilan taqqoslangan. Quyida dunyodagi eng qimmat beshta ko‘chmas mulk bozori ro‘yxatini taqdim etamiz.

5. London

Londonda ko‘chmas mulk narxlari bir necha o‘n yil davomida tinimsiz oshib bordi. 2013 yildan beri Londondagi uylar uchun narxlar mislsiz darajada oshib ketdi. Shahardagi xonadonlar o‘rtacha narxi 2006 yildagi 257 ming funt sterlingdan 2016 yilgi 474 mingga qadar ko‘tarildi. Oradagi farq 84 foizni tashkil qildi.

Hukumatning ko‘chmas mulk bozorini nufuzli ko‘chmas mulkka davlat bojini kiritish va investitsion obektlarga yangi bojlarni kiritish bo‘yicha barqarorlashtirish harakatlari hech qanday natija keltirmadi. Biroq, yaqinda o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, iqtisodchilar joriy yilda ko‘chmas mulk narxlari yoki avvalgi darajada saqlanib qoladi, yoki hattoki biroz arzonlashadi, degan fikrda.

4. Shanxay

Shanxay – Xitoydagi eng qimmat ko‘chmas mulk bozorlaridan biri. U yerda o‘tgan yil davomida uy narxlari 40 foizga qimmatlashdi. Bunday ko‘tarilish bilan kurash olib borish biroz mushkul. 2015 yilda ichki fond bozorining kuchsizlanishidan qo‘rqib ketgan ko‘plab investorlar o‘zlarini ko‘chmas mulk sektoriga urishdi.
 
Biroq Shanxayda yaqin orada ko‘chmas mulk bozori bosim ostida qolishi mumkin, sababi tartibga solish idoralari narxlarni arzonlashtirish yoki ular qimmatlashishini to‘xtatib qo‘yish bo‘yicha bir qancha qadamlarni qo‘ydi. Xitoyning 20ta shahri, shu jumladan Shanxay shahri ma'muriyati ham ko‘chmas mulk bozorini barqarorlashtirish bo‘yicha yangi choralar majmuasini amalga tatdiq etdi: xaridlarga limit kiritildi va ipoteka bo‘yicha cheklovlar kuchaytirildi.

3. Pekin

Xitoyning qit'a qismidagi eng qimmat ko‘chmas mulk bozori – Pekindadir. Uy-joy qurilish va shahar hamda qishloq tumanlarni rivojlantirish komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, ayni damda u yerda bir kvadrat metr narxi 5820 AQSh dollariga teng. Pekindagi uy-joyning o‘rtacha narxlari sentabr oyida taxminan 30 foizga qimmatlashdi. Xitoyning boshqa shaharlarida esa ko‘rsatkich 11 foizga teng bo‘ldi.

Hukumat tomonidan oktabrda qabul qilingan cheklov choralari narxlarning keskin oshishini to‘xtatishga xizmat qilishi lozim, biroq ularning kutilmaganda tushib ketish xavfi ham bor. 

2. Mumbai

Hindistonning Mumbai shahri dunyodagi eng qimmat uy-joy bozoridan biriga aylandi. Quartz’ning yozishicha, Mumbaida aholi daromadiga nisbatan ko‘chmas mulk qiymati nisbati – “Hindistondagi eng yirik shaharlar orasida eng baland ko‘rsatkichga ega”. Davlat boyishda davom etmoqda hamda developerlar to‘lib toshgan shaharda yangi qurilish maydonlari topishga qiynalmoqda. Eslatib o‘tamiz, ushbu shaharda hamon millionlab kishilar xarob kulbalarda istiqomat qiladi.

Noyabrda mamlakat bosh vaziri Narendra Modi pul islohotini o‘tkazib, 500 va 1000 rupiylik qog‘oz pullarni muomaladan olgach, ko‘chmas mulk bozori bosim ostida qoldi. Hindistonda soliqlardan qochish maqsadida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq aksariyat bitimlar naqd pul ko‘rinishida amalga oshiriladi. Mahalliy PropEquity kompaniyasining fikricha, Mumbaida joriy yilda ko‘chmas mulk narxlari 30 foizga arzonlashishi mumkin ekan.

1. Honkong

Honkong jahondagi eng qimmat uy-joy bozori nomini yetti yildan beri o‘zida saqlab kelmoqda. Demographia har yilgi hisoboti ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilda ko‘chmas mulkka o‘rtacha narxi aholi bir yillik daromadining 18,1tasiga teng bo‘lgan. Kichik pastlashishga qaramay (bir yil avval bu ko‘rsatkich 19ta yillik daromadga teng bo‘lgan) Honkongdagi ko‘chmas mulk hamon “juda ham ko‘p pul turadi”, deyiladi hisobotda.

So‘nggi yillarda shahardagi uy-joy narxlari keskin ravishda qimmatlashmoqda. Bu jarayon kichik foiz stavkalari va xaridorlarning ko‘pligi bilan bog‘liq. Arzon uy-joylarning yo‘qligi mintaqadagi eng asosiy ijtimoiy muammolardan biri sanaladi, sababi badavlat bo‘lmagan insonlar kichik va xavfli uylarda istiqomat qilishga majburlar.

Mavzuga oid