O‘zbekiston | 18:41 / 04.02.2017
45024
2 daqiqa o‘qiladi

“Qamchiq dovoni” yopilgan vaqt FVV xodimlarining harakati odamlar e'tirofiga sazovor bo‘ldi

Arxiv fotosi

3 fevral kuni soat 9:40da “Qamchiq dovoni”da A-373 "Toshkent-O‘sh" avtomobil yo‘lining 233-kilometrida 1000 kub metr hajmdagi qor ko‘chkisi yuz berdi. Soat 10:30da esa shu yo‘lning 243-kilometrida 250 kub metrlik qor ko‘chkisi sodir bo‘ldi.

FVV va "O‘zavtoyo‘l" kompaniyasi kuchlari bilan yo‘lni qordan tozalash bo‘yicha tadbirlar o‘tkazildi. 

Dovonni kechib o‘tishga imkoniyati bo‘lmaganlar Ohangaron, Angren shaharlari va Pop tumani umumiy ovqatlanish punktlarida joylashtirilmoqdalar. Ularga barcha sharoitlar, issiq yegulik, suv, dam olish uchun joylar muhayyo qilingan.

Guvohlardan biri, haydovchilik bilan shug‘ullanuvchi Abdulazizov Mashrabning guvohlik berishicha, Respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bo‘linmasidan kelgan xodimlar odamlarga yordam berishgan. 

Jumladan, keksalar, ayollar va bolalarni Ohangaron tumanidagi kollejlardan birining yotoqxonasiga joylashtirishgan. Ular uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Erkaklar yaqin atrofdagi choyxonalarga joylashishgan.
“FVV xodimlarining mazkur harakati odamlarni juda quvontirdi. Keksalarimiz ular haqiga duo qilib qolishdi”, deydi M.Abdulazizov.

Bundan avvalroq bugun soat 12:00 dan avtotransport vositalarining ikki tomonlama harakati yo‘lga qo‘yilgani xabar qilingan edi. 

Mavzuga oid