Jahon | 22:49 / 04.02.2017
13650
2 daqiqa o‘qiladi

Spiegel nashri o‘z muqovasida Trampning xunuk tarzda tasvirlangan suratini joylashtirdi

AQSh prezidenti Donald Trampning nemis haftalik nashri Der Spiegel’ning yangi soni muqovasidagi tasviri ijtimoiy tarmoqlar va OAVda ko‘plab tanqidlarga uchradi. 

Jurnal o‘z muqovasiga Trampning IShID jangarisi kabi bir qo‘lida AQShdagi Ozodlik haykali boshini, ikkinchi qo‘lida esa qonga belangan pichoqni ushlab turgan suratini joylashtirdi. Suratga berilgan yozuvda "Avvalambor Amerika" deb yozilgan. 

Ushbu surat bilan terrorchilarning jinoyatlariga "xunuk tarzda" taqlid qilingan, deb aytdi Yevroparlament vitse-prezidenti Aleksandr Lambsdorf. "Bu surat Trampdan ko‘ra, Der Spiegel tahririyati qandayligi haqida ko‘proq gapiradi", deb aytgan Lambsdorf Bild nashrida suratga bergan izohida.

"Donald Trampni IShID kallakesarlariga qiyoslaydiganlar har qanday ma'naviy qarashlarni yo‘qotib qo‘yganlar", deb hisoblamoqda Die Welt nashri jurnalisti Klemens Vergin. Uning fikricha, Der Spiegel’ning bundan ko‘zlagan yagona maqsadi istalgan yo‘l bilan o‘ziga ko‘proq e'tiborni qaratish bo‘lgan.

"Fikrimcha, Tramp ma'muriyatini qo‘llab-quvvatlamaydigan ko‘plab amerikaliklar ham Der Spiegel muqovasini haddan tashqari oshirib yuborilgan deb hisoblasalar kerak", deb aytgan "Bi-bi-si"ning AQShdagi byurosi rahbari Pol Danaxer.

"Der Spiegel terrorchilar haqiqatan ham odamlarni boshidan judo qilganda ularni bunday tasvirlaganini eslay olmayman. Nashr terrorchilarni to‘xtatmoqchi bo‘lgan shaxsni esa shunday tasvirlagan", deb yozgan kanadalik jurnalist Ezra Levant.

Washington Post nashrining tushuntirishicha, surat muallifi Edel Rodriges shu tariqa Trampning migratsiya siyosatini qoralagan va AQShdagi "demokratiyaning boshidan judo qilinishini" tasvirlamoqchi bo‘lgan. 

Mavzuga oid