O‘zbekiston | 15:31 / 06.02.2017
11277
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro va Xorazm viloyatlari delegatsiyasi Turkmanistonga tashrif uyushtirdi

O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlarining topshiriqlarini amalga oshirish doirasida Buxoro va Xorazm viloyatlari delegatsiyalari 4—5 fevral kunlari Turkmanistonning Lebap va Toshhovuz viloyatlariga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bergan.

Tashrif doirasida ikki mamlakatning mazkur hududlari ma'muriy rahbarlari, ishbilarmon doiralari va jamoatchilik vakillari ishtirokida uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazildi.

Tomonlar qardosh davlatlar va xalqlar o‘rtasida yuqori darajadagi ishonch, o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarning shakllanishidan mamnun ekanliklarini izhor etdi.

Mintaqalararo darajada to‘g‘ridan-to‘g‘ri va qalin sherikchilik aloqalari, xususan, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga Lebap va Toshhovuz viloyatlarida joylashgan ishlab chiqarish korxonalari, madaniy yodgorliklar tanishtirildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktabrida Qirg‘iziston delegatsiyasi Farg‘ona vodiysiga do‘stlik safarini amalga oshirgandi. Keyinroq O‘zbekiston delegatsiyasi ham Qirg‘izistonning janubiy hududiga bordi.

Mavzuga oid