Fan-texnika | 00:43 / 07.02.2017
5426
3 daqiqa o‘qiladi

Piaggio kompaniyasi yuklarni tashish uchun aqlli robot yaratdi

Italiyaning Piaggio kompaniyasi ikki tomonida g‘ildiragi bo‘lgan pufak ko‘rinishidagi mobil robot GITA’ni namoyish qildi. Qurilma ixtirochilarining g‘oyasiga ko‘ra, u yengil yuklarni, misol uchun, mahsulotlar solingan paketlarni tashishda yordam beradi.   

Piaggio saytida ma'lum qilinishicha, GITA italyanchasiga "qisqa sayohat" deganini anglatadi. Robot to‘liq avtonom bo‘lib, 18 kilogrammgacha og‘irlikdagi turli yuklarni tashiy oladi va o‘z egasi ortidan soatiga 35 km tezlik bilan harakatlana oladi. GITA bu rejimda o‘zining 3D-xaritasini yaratish uchun ma'lumotlar to‘playdi. Shundan keyin "avtonom" rejimda u belgilangan joylar bo‘yicha o‘zi harakatlana oladi, yo‘nalish tugagandan keyin o‘zi mustaqil ravishda uyga qayta oladi.

GITA tor eshik darchalaridan ham o‘ta oladi va odamlar gavjum piyodalar yo‘lkalarida ham harakatlana oladi. Qurilmaning yaratuvchilari robot ommalashgandan keyin, ular hudud haqidagi ma'lumotlarni bir-biri bilan bo‘lishgan holda "karvon" bo‘lib harakatlana olishariga umid qilmoqdalar. Qurilmaning bir quvvatlanishda ishlashi 8 soatni tashkil qiladi. Yuklar xavfsizligi nuqtai nazaridan, GITA qopqog‘i  qulfga yopiladi va u 360 burchakli kamera bilan jihozlangan.

GITA Piaggio’ning sho‘'ba kompaniyasi Past Forward’da ixtiro qilingan. GITA bilan birgalikda uning "katta og‘asi" – KILO ham namoyish qilindi. Bu qurilma 100 kg yukni tashiy oladi va kichkina traktorga o‘xshaydi. 

Piaggio GITA’ning imkoniyatlarini namoyish qilish uchun robotdan foydalanishning turli ssenariylari namoyish qilingan bir nechta rolik chiqargan. Misol uchun, roliklardan birida qurilma itni sayr qildiradi, boshqasida esa omborda ishchilarga yordam beradi.

Qurilma haqida boshqa ma'lumotlar berilmagan.