Jahon | 20:28 / 10.02.2017
11232
2 daqiqa o‘qiladi

F-16 qiruvchi samolyotlari 2048 yilgacha xizmat qilishi mumkinligi aytildi

Foto: © wikipedia.org

F-16 qiruvchi samolyotlari 5-avloddagi samolyotlar bilan yetarlicha tez almashtirilmayapti va shu sababli AQSh harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi ularning xizmat qilishini 2048 yilgacha uzaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.  

Bu imkoniyat yuzlab F-16’larning xizmat qilish muddatini 6000 ming parvoz soatiga uzaytiradi. Bu esa bir dvigatelli qiruvchi samolyotlarga yana 20 yil va undan ortiqroq xizmat qilishga imkon beradi, deb ma'lum qildi Popular mechanics nashri.

Ayni vaqtda AQSh qo‘shinlarida 1000 dan ko‘proq F-16 bor. Taxmin qilinishicha, ular bosqichma-bosqich F-35 Lightning II qiruvchi-bombardimonchi samolyotlari bilan almashtirib boriladi. Bu samolyot yagona harbiy hujum qiluvchi samolyot dasturi bo‘yicha yaratilgan. Biroq bu samolyotlarning yaratilishi muddatlari muntazam ravishda cho‘zilmoqda va bu F-16’ning xizmat qilish muddatini uzaytirish masalasini ko‘rib chiqishga sabab bo‘lgan.

F-16 samolyotini ishlab chiqargan va hozirda F-35’ni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan Lockheed Martin kompaniyasining ta'kidlashicha, F-16’ga yaxshi qaralsa va ta'mirlansa, 2048 yilgacha xizmat qila oladi. Unda F-16 ilk marotaba 1978 yilda paydo bo‘lgani sabab bu samolyotlarning harbiy-havo kuchlari saflarida umumiy xizmat qilish muddati 80 yilni tashkil qiladi.   

Ehtimol, F-16’ga bo‘lg‘usida ham xizmat ko‘rsatishga shartnomani imzolash va bu samolyotlar xizmat muddatini uzaytirish F-35 loyihasi uchun muntazam tanqid qilinayotgan Lockheed Martin’ning yonini olishga urinish bo‘lishi mumkin. Yaqinda AQSh prezidenti Donald Tramp matbuot-anjumanda beshinchi avloddagi F-35 samolyotlari dasturi masalasini ko‘targan. Uning aytishicha, bu samolyotlar 5-avlod samolyotlari bo‘lsada, Boeing korporatsiyasining 4-avloddagi F/A-18 Super Hornet qiruvchi samolyotlari bilan raqobatlasha oladi.  

Mavzuga oid