O‘zbekiston | 09:08 / 10.02.2017
19123
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident: Yoshlar va ayollar jinoyatchiligi borasidagi ahvol kishini tashvishga solmay qo‘ymaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Prezidentimiz yig‘ilishda ta'kidlaganidek, ichki ishlar organlari faoliyatiga baho berishda jinoiy ishlarni odilona va sifatli tergov qilish, shaxsning jinoiy qilmishiga munosib, adolatli huquqiy baho berish muhim o‘rin tutadi. Lekin tergov idoralari ixtiyorida qisqa muddatda tezkor qonuniy qarorlar qabul qilish imkoniyati mavjud ekaniga qaramay, qo‘shimcha surishtiruv yoki tergov harakatlari talab etilmaydigan materiallar bo‘yicha asossiz ravishda muddatni uzaytirish, cho‘zish, fuqarolarni sarson qilish kabi salbiy amaliyot hamon uchramoqda. 

Shavkat Mirziyoyev tergov va ayblash bilan cheklanmay, jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularning shart-sharoit va omillarini o‘rganish, profilaktika maqsadida har bir jinoyat tafsilotlarini ichki ishlar organlari rahbarlari, profilaktika inspektorlari va mahalla faollari ishtirokida chuqur tahlil qilish zarurligini ta'kidladi. 

Yana bir tashvishli holat: xorijdagi fuqarolarimizning aksariyati ishlash maqsadida yurtimizdan ketgan, lekin ularning ayrimlari turli diniy-ekstremistik oqimlar ta'siriga tushib qolmoqda. Chet elga ish qidirib ketgan fuqarolarni aniqlash va qaytarish, mahalla raislari, ma'naviyat-ma'rifat markazlari, imom-xatiblar, diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar bilan hamkorlikda aholi orasida diniy ekstremizmning salbiy oqibatlarini targ‘ib qilish borasidagi ishlar zamon talabi darajasida emas. 

Davlatimiz rahbari haftaning payshanba kunini jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni, deb e'lon qilishni taklif etdi. Shu kuni hududlar prokurorlari va ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari mahalliy telekanallarda chiqishlar qilib, sodir etilgan jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabablari, oldini olish bo‘yicha tadbirlar va profilaktikasi haqida axborot beradi. 

Yoshlar va ayollar jinoyatchiligi borasidagi ahvol ham kishini tashvishga solmay qo‘ymaydi. Masalan, 2016 yilda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari mingdan ziyod jinoyatga qo‘l urgani, umumiy jinoyatlarning oltitasidan bittasini xotin-qizlar sodir etgani afsuslanarlidir. Buning asosiy sabablaridan biri o‘rta maxsus bilim yurtlarida o‘quvchilarning davomati tushib ketgani, bu holni o‘rganish va nazorat qilish bo‘yicha mukammal tizim yaratilmaganidir. 

Yig‘ilishda militsiya tayanch punktlari infratuzilmasini takomillashtirish, profilaktika inspektorlarining turmush sharoitini yaxshilash, ichki ishlar organlari tizimini kompleks isloh qilish, uning tarkibiy tuzilmalarini optimallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ichki ishlar vazirligining tashkiliy tuzilmalari tanqidiy nuqtai-nazardan tahlil qilindi. 

Mamlakatimizda tadbirkorlar huquqini himoya qilishga alohida e'tibor berilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlarining tadbirkorlar faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashishi yoki to‘sqinlik qilishi kabi holatlarga batamom chek qo‘yish zarurligini alohida ta'kidladi. 

Murojaatlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish ichki ishlar idoralarining eng dolzarb vazifalaridan biridir. Shu bois fuqarolar bilan munosabatlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish, odamlar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, xalq bilan hamnafas bo‘lib yashash va inson manfaatlaridan kelib chiqib ishlash lozim, dedi davlatimiz rahbari. 

Yig‘ilishda ichki ishlar vaziri A.Azizov, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari, ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining axborotlari eshitildi. 

Mavzuga oid