Jamiyat | 11:57 / 11.02.2017
50845
4 daqiqa o‘qiladi

Millionlarni “hazm” qilib yuborgan tuman pasport bo‘limi boshlig‘i va uning jinoiy sheriklari jazoga tortildi

Foto: Getty Images

Qo‘shtepa tumani IIB pasport bo‘limi boshlig‘i va uning jinoiy sheriklari byudjyetga tushirilishi lozim bo‘lgan, huquqbuzarliklar uchun jarima to‘lovlarini o‘zlashtirib, talon-toroj qilishgan ekan, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Bo‘lim boshlig‘i Ikromjon Hasanov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bo‘limdagi bank maxsus kassasi g‘aznachisi Homidjon Mamajonov va kassada norasmiy ishlagan Zoirjon Razzoqov bilan o‘zaro til biriktirib, reja tuzadi. Unga ko‘ra, I.Hasanov pasportini yo‘qotgan yoki olish muddatini o‘tkazib yuborgan fuqarolarga tegishli tartibda ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirmasdan, maxsus kassaga eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida jarima to‘lab chiqishni tayinlaydi. Ulardan to‘lov kvitansiyalarini olib qolib, norasmiy ishlagan maxsus kassa g‘aznachisi Z.Razzoqovga beradi. U esa maxsus kassa g‘aznachisi H.Mamajonovdan ma'muriy bayonnoma tuzilmay qilingan to‘lov kvitansiyalari miqdorida naqd pullarni olib, I.Hasanovga topshiradi. Boshliq Z.Razzoqovga “ulushi”ni berib, kvitansiyalarni yo‘q qiladi.

O‘z navbatida, maxsus kassa g‘aznachisi H.Mamajonov ham pasport bo‘limi boshlig‘idan “ibrat” olib, o‘zida qolgan jarima pullarini bank g‘aznasiga topshirmay, o‘zlashtiraveradi. Faqat boj pullarinigina bankka topshiradi. Maxsus kassaga O.Salimova g‘aznachi etib tayinlangach, unga ish o‘rgatib, yordam berib turgan H.Mamajonov qing‘ir ishini davom ettiradi. G‘aznachi ayolni aldab, “bankka topshiraman”, deya olib ketgan kundalik boj pullarini bankka topshirib, jarima pullarini esa jinoiy sheriklari I.Hasanov va Z.Razzoqov bilan o‘rtada baham ko‘radi. Shu tariqa jinoiy sheriklari bilan ma'muriy huquqbuzarlik rasmiylashtirilmay undirilgan jami 169 mln. so‘mdan ziyod jarima pullarini bankka topshirmasdan, “hazm” qilib yuboradi.

Pasport bo‘limi boshlig‘i I.Hasanov o‘zicha “saxovatpeshalik” ham qiladi. Pasport tizimi qoidalarini buzgan, ya'ni o‘z vaqtida pasport olmagan yoki almashtirish muddatini o‘tkazib yuborgan 1685 nafar fuqaroga tegishli tartibda ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilmasdan, eng kam ish haqining bir barobari miqdorida jarima undirilmay pasport topshirilgani natijasida, davlat manfaatlariga jami 174,4 mln. so‘mdan ziyod zarar yetkaziladi. 

Tuman pasport bo‘limining sobiq boshlig‘i I.Hasanov, bank g‘aznachisi H.Mamajonov va norasmiy g‘aznachi Z.Razzoqovning ayblari ularning to‘liq iqrorligidan tashqari, hujjatli dalillar, guvohlarning ko‘rsatmalari bilan ham tasdiqlandi. Nafsining quliga aylangan, yetkazilgan zarar o‘rnini to‘liq qoplagan sudlanuvchilarga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. 

Mavzuga oid