Jahon | 18:28 / 14.02.2017
5127
3 daqiqa o‘qiladi

Ostonada Suriya o‘t ochishni to‘xtatish tartibini buzganlik uchun sanksiyalar muhokama qilinadi

Suriyada tinchlik o‘rnatishga qaratilgan Ostona muzokaralarining navbatdagi bosqichi ishtirokchilari o‘t ochishni to‘xtatish tartibini buzish holatlarini kuzatish va uni buzganlarga nisbatan sanksiyalarni muhokama qilishadi. Bu haqda Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdraxmanov ma'lum qildi.

"Gap, xususan, jangovar harakatlarni to‘xtatish tartibini buzish hollarini qayd qilish usuli hamda ushbu tartibni buzganlarga nisbatan sanksiyalar haqida bormoqda", - deb aniqlik kiritgan vazir. "Kafolat beruvchi mamlakatlar (RF, Turkiya va Eron) ma'lumotlariga ko‘ra, ular bu yerda o‘t ochishni to‘xtatish tartibini buzish hollarini qayd etuvchi guruhni tuzishni rejalashtirgan", - degan Abdraxmanov.

Uning aytishicha, "Turkiya tomoni tez orada o‘z delegatsisi tarkibi xususida axborotni taqdim etadi". Qozog‘iston TIV esa, "Suriya qurollangan muxolifati vakillarining muzokaralarda ishtirok etishiga doir ma'lumotlarni ham kutmoqda".

BMT muzokaralarda besh nafar vakili bilan qatnashadi. Abdraxmanovning so‘zlariga ko‘ra, hozircha, AQSh vakillarining muzokaralarda ishtirok etishiga doir ma'lumotlar mavjud emas. U, shuningdek, Rossiya va Suriya hukumat delegatsiyalari yetib kelganini tasdiqlagan. Eron va Iordaniya vakillari ham kelishgan. 

Ostonadagi muzokaralar birinchi safar bo‘lganidek, Rixos mehmonxonasida tashkil etiladi. Shu bilan birga, bu safar ham ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shaklda muzokaralar bo‘lib o‘tadi. TIV rahbarining qayd etishicha, Ostona uchrashuvlari  "Jyeneva muzokaralarini boshlash uchun jiddiy, tayyorlov bosqichi bo‘lib xizmat qiladi. 

Eslatib o‘tamiz, 6 fevral kuni Ostonada Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish tartibini kuzatish guruhining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. Unda Rossiya, Turkiya, Eron, BMT, Iordaniya vakillari ishtirok etgandi. Bu guruh 23-24 yanvar kunlari Ostonada bo‘lib o‘tgan Suriya inqirozi bo‘yicha muzokaralarda tuzilgan edi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid