Jamiyat | 14:06 / 18.02.2017
37552
9 daqiqa o‘qiladi

“Iyegova shohidlari” yoxud dinidan qaytganlar

Albatta, hamdu sanolar Allohnikidir! Biz U zotni maqtaymiz. U zotdan madad va mag‘firat so‘raymiz. Allohdan o‘z nafsimiz va amalimiz yomonliklaridan panoh tilaymiz. Kimni Alloh hidoyat qilsa, uni zalolatga ketkazuvchi yo‘q va kimni zalolatga ketkazsa, uni hidoyatga eltuvchi yo‘q. Guvohlik beramizki, yolg‘iz va sheriksiz Allohdan o‘zga haq ma'bud yo‘qdir. Yana guvohlik beramizki, albatta, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Uning quli va rasulidir.

Bugungi globallashuv zamonida insonlar orasida boshqa dinni targ‘ib qilish, to‘g‘rirog‘i dinni emas, balki din niqobi ostida samoviy dinlarning barchasiga zid bo‘lgan g‘oyalarni yoyish, inson qalbi va ongini zabt etishga, o‘z dinidan voz kechishga qaratilayotgan missionerlik harakati xavfi o‘z dolzarbligini yo‘qotmay kelmoqda.  Bu harakatlar asosan jimjimador shiorlar va “xayriya” tadbirlari ostida olib borilyapti.

Missionerlik bilan shug‘ullanayotgan tashkilotlar, ularning qanday nomlanishidan qat'iy nazar, faoliyatining turlari deyarli bir xil:

- “Bibliya”ning mahalliy tilga tarjima qilinishi va tekinga tarqatilishi;

- da'vat qilinayotgan shaxslarning saviyasiga mos ravishda kitob, risola  va shu kabilarni yetkazish;

- uyma-uy yurish va adabiyotlar tarqatish bilan o‘zlariga yangi ergashuvchilarni jalb qilish;

- “Bibliya”ni tadqiq qilishga qaratilgan video mahsulotlarni imkon qadar ko‘proq tillarda tayyorlab, tarqatish;

- da'vatlarga, zarracha bo‘lsa-da, moyillik bildirgan, “qiziqqan” odamlarni qidirish;

- ularni ta'limotni qabul qilishga tayyorlash;

- da'vat qilinayotgan odamning ongiga Bibliya kurslari va uning matnini o‘rganish orqali diniy ta'limotlarini singdirish kabilardir.

Bir qarashda, ushbu mavzu bo‘yicha ko‘p gapirilgan, yig‘ilish va tadbirlar o‘tkazilgan, maqola va risolalar chop etilgan, hattoki, hayotdan olingan filmlar ham namoyish etilgan va yurtdoshlarimizning missionerlikning ayanchli oqibatidan xabardorliklari aniq ko‘rinib turganday tuyuladi.

Biroq, shuncha sa'y-harakatlarga qaramay, hali-hanuz ba'zi nodon, nonko‘r kimsalar “missioner” deb nomlanayotgan shaytonlarning to‘riga ilinib, boshqa yurtdoshlarimizni ham o‘zlari tomon chorlamoqdalar. Ayniqsa, bu ifloslik bilan ayollarimizning shug‘ullanayotganini hech narsa bilan izohlab bo‘lmaydi. Ha-ha, ayollar, ayol bo‘lganda ham ba'zilari nabiralarini erkalatib, farzandlarini, el-yurtni duo qilib o‘tiradigan nafaqa yoshidagilar, bir ro‘zg‘orni obod qildagan o‘rta yoshlilar, hali butun hayoti oldinda bo‘lgan yosh qizlardan iborat bir guruh shu bugunimizda “Iyegova shohidlari” tashkiloti g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan kitoblar asosida yig‘ilishlar o‘tkazib, millatimiz birdamligiga rahna solishga intilayotganini qanday baholash mumkin?

Ayolni e'zozlab, boshiga ko‘targan muqaddas Islom dinidan voz kechib, o‘zga g‘oyaning nayranglariga o‘ynayotgan ayollar o‘zlari tanlagan yo‘lni yaxshi anglab yetganmikinlar? Albatta yo‘q, ular qanday og‘ir ishga qo‘l urganlarini, ikki dunyolarini o‘z xatti-harakatlari bilan barbod etganlarini chuqurroq o‘ylab ko‘rmaganlar.

Keling, ular tanlagan yo‘ldagilar ayollarga bergan baholarning ba'zilari bilan tanishib chiqamiz.

Bibliya Havvoni ayyor, aldamchi, gunohga moyil ayol sifatida tasvirlaydi. Mana shu narsa yahudiy va masihiylar aqidasida ayol tushunchasining salbiy ma'no kasb etishiga olib kelgan. Bibliya ta'limotiga ko‘ra, ayol zoti gunohni onalari - Momo Havvodan meros qilib olgan bo‘lib, ishonchsiz, xiyonatkor va beodob siymoda namoyon bo‘ladi. Ayollarning hayz va nifos ko‘rishi, homiladorlikda chekadigan ozor va og‘riqlari esa Havvo qilgan gunoh uchun ularga berilgan abadiy azob emish. Ish shu darajaga yetib borganki, Bibliya biror yomon hulq yoki amalni tasvirlashni iroda etsa, o‘sha narsani ayolga o‘xshatadi: “Men mana bu narsani bildim. Ahmoqlik bir ayolga o‘xshaydi. U o‘zi tuzoq, yuragi to‘r, qo‘llari esa zanjirdekdir. U o‘limdan ham achchiqroq ekan. Xudoga ma'qul keladigan ishlarni qiladiganlar undan qocha oladilar, lekin gunohkor uning qo‘llariga tushadi”.

Bibliyada (Ecclesiasticus 25/19-24) shunday deyilgan: “Ayol gunohiga teng keladigan biror gunoh yo‘qdir. Qandayin gunoh bo‘lsa, albatta ortida ayol turgan bo‘ladi. Ayol sababli barchamiz halokatga uchraymiz”.

Yahudiy Hoxom (ravvin) ayol kishi jannatdan tushgandan keyin to‘qqiz la'nat ila la'natlangandir deydi va ularni quyidagicha sanaydi: “Ayolga to‘qqiz la'nat bo‘ladi, so‘ngra vafot etadi. Hayz ko‘rish, qizlik qoni, homila mashaqqati, tug‘ish, bolalar tarbiyasi, azador kabi boshini o‘rab yurish, hayvonlar singari qulog‘ining teshilishi, guvohligi qabul qilinmasligi. Bularning hammasidan keyin o‘lim ham bordir” (Leonard J.Swidler, Women in Judaism: the Status of Women in Formative Judaism (Metuchen, N.J: Scarecrow Press, 1976, p.115).

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Bebaho qadriyatlarimiz, muqaddas dinimiz, sharqona mukarramlikdan kechib, tanlaganlari ana shunday xorlikdir.

Bundan tashqari, muqaddas Islom dinimizda o‘z e'tiqodidan voz kechishlik “murtadlik” deyiladi. Bu esa kechirilmas gunohdir. U, bugungi kun ta'biri bilan aytganda, ulkan xiyonat kabidir. Agar qaytmasa, murtadlikni tark etmasa, unga o‘lim jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Dindan qaytish eng og‘ir gunohdir. Boshqa dinga o‘tib ketish shariatimizda kechirilmas ma'siyatdir. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan: “Sizlardan kimda-kim o‘z (Islom) dinidan qaytib, kofir holida o‘lsa, unday kimsalarning qilgan amallari (toat-ibodatlari) dunyo-yu oxiratda behuda ketar. Ular do‘zax ahlidirlar va unda mangu qolurlar” (Baqara surasi, 217-oyat).

Dindan qaytgan kimsa ustida quyidagi shar'iy hukmlar joriy bo‘ladi:

1.  U bilan xotini (ayol kishi bo‘lsa, eri) orasidagi nikoh buziladi.

2. Bolalari uning qaramog‘idan chiqadi.

3.  Jamiyat a'zoligidan mahrum bo‘ladi.

4. Unga dindan qaytganlik hukmi e'lon qilinadi.

5. O‘lsa yuvilmaydi, kafanlanmaydi, unga janoza o‘qilmaydi, musulmonlar qabristoniga ko‘milmaydi va merosdan mahrum bo‘ladi.

6. O‘sha holida o‘lsa do‘zaxiy bo‘ladi.

Ammo, u vaqtida esini yig‘ib, o‘lib ketmasidan avval Islom diniga qaytsa, Imomi A'zam va Imom Molik mazhablariga ko‘ra, hammasini boshqatdan boshlaydi, unga Alloh yana bir bor imkon berar ekan.

O‘zbekiston Respublikasida missionerlik faoliyati qonun bilan ta'qiqlangan. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasi, Jinoyat kodeksining 145, 216, 216-1, 217, 244-3-moddalari va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-2, 201, 202-1, 240 va 241-moddalariga ko‘ra respublikada missionerlik harakati man etiladi.
 
Qur'oni karimda:

 وَمَا آَتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانْتَهُوا وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ

 “Payg‘ambar sizlarga keltirgan narsani olingiz, u sizlarni qaytargan narsadan qaytingiz”, (Harsh, 7) deb ta'kidlangan. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam keltirgan eng buyuk narsa Qur'on bo‘lib: “Holbuki, u (Qur'on barcha) olamlar uchun eslatmadir”. Kalomi sharifda esa “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur'onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang” (Oli Imron, 103) demoqlik bilan, birdamlikka, o‘zaro hamkorlikka, xalqlar, millatlar orasiga rahna solmaslikka chorlanadi.
 
Yurtimizda g‘oyaviy-mafkuraviy tahdid sifatida davom etayotgan missionerlik faoliyatini o‘z o‘rnida anglash, ulardan doimo ogoh bo‘lish, mazkur harakatlarni o‘z vaqtida bartaraf etish bugungi kunning dolzarb muammosi ekanligini har birimiz anglashimiz lozim.

Zayniddin Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari,
“Imom Buxoriy” masjidi imom-xatibi

 

Mavzuga oid