Jalaquduq tomonlarda: loyli yo‘llar, anqoning urug‘idek gaz ballonlar va umidi so‘nmagan odamlar
Avval xabar berganimizdek, Kun.uz ijodiy jamoasi Andijon viloyatida bo‘lib, u yerdagi ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-marifiy hayot, sport, odamlar turmush tarzi bilan yaqindan tanishdi.
Jumladan, ijodiy jamoa fuqarolarning maxsus taklifiga asosan viloyatning Jalaquduq tumanida bo‘ldi. Ushbu tumanning umumiy maydoni 37 ming gektar bo‘lib, shundan 17 ming gektari ekin yerlari hisoblanadi. Mazkur tumanda 178 ming fuqaro istiqomat qiladi. Aholi, asosan, qishloq xo‘jaligi sohalarida xizmat ko‘rsatadi va chorvachilik bilan ham shug‘ullanadi. Jalaquduq tumanida umumiy hisobda oltita qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, tumanda 383ta naqd pul topshiradigan va 1700ta umumiy sub'yekt mavjud.
Ichki yo‘llar holati: muammo, yechim, jarayon...
Tumanga borib, ko‘zdan kechirgan ilk joyimiz Qatortol QFY, “Katta polvon” MFYda joylashgan Kichik polvon ko‘chasi bo‘ldi. Bizga tuman hokimi Shuhrat Qamchiyev, tuman mutasaddilari va viloyat hokimligining bir necha nafar vakillari hamrohlik qilishdi. Ushbu manzilda istiqomat qiluvchi fuqaro mahallaning ichki ko‘chalari juda ham ayanchli ahvolda ekanligi, shu sababli ham keksalar, bog‘cha yoki maktabga borayotgan bolalar juda qiynalishayotganini aytib, murojaat qilgan edi. Manzilga yetib borib guvoh bo‘ldik-ki, muammo haqiqatan ham mavjud va hatto juda og‘ir. Vaziyatga yanada oydinlik kiritish maqsadida mahalliy aholi vakillari bilan suhbatlashdik.
Odamlar suhbat davomida yo‘l muammosi, shuningdek, kam ta'minlangan oilalarga gaz ballonlari yetkazib berishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar haqida so‘z yuritishdi. Bu bilan yo‘lning ta'mirlanishi va aholini gaz ballonlari bilan ta'minlaydigan mutasaddilarning kamchiligi ko‘rinib qoldi.
Fuqarolar tomonidan aytilayotgan shikoyatlarni eshitgan hokim, shu yerning o‘zida mavjud barcha muammolarni bir necha kun ichida bartaraf etishga va'da berdi. Bunga ko‘ra, loy va ta'mirtalab ko‘chalarga shag‘al to‘kiladigan, buning uchun mashinalar yoqilg‘isiga ketadigan xarajat uchun aholi tomonidan pul yig‘ib beriladigan bo‘ldi.
Ko‘ngillar joyiga tushdi. “Yig‘-yig‘” bo‘layotgan bo‘lsada, ammo odamlarning katta bir muammosi, mushkuli oson bo‘layotgani uchun bunga ortiqcha ahamiyat berib o‘tirmadik va boshqa obekt sari yo‘lga tushdik. Oradan taxminan ikki hafta vaqt o‘tgach, bajarilgan ishlar holati yuzasidan tuman hokimi va aholiga yuzlandik.
Biz kelib-ketgach, aholi o‘z tashabbusi bilan yo‘lni ta'mirlashga kirishadi va shu sabab 41 kishi 30 ming so‘mdan pul beradi. O‘rtada jami 1 mln 230 ming so‘m pul yig‘iladi. Bu pullarga biz borib ko‘rgan ta'mirtalab ko‘chaga 15 mashina shag‘al olib kelib to‘kiladi. So‘ng qo‘shimcha xizmatlar va yoqilg‘iga deb, hokimiyat tomonidan odamlardan 200 ming so‘m pul olinadi. Bizning qayta tashrif buyurayotganimizdan xabardor bo‘lgan tuman hokimiyati zudlik bilan chala qolgan ishlarni bajarishga kirishib ketadi va aynan biz boradigan kun 10 mashina shag‘al olib keladi. Ammo ko‘cha ahli 10ta emas, balki 8 mashina shag‘al olib kelinganiga guvohlik berdi. Xullas, tuman hokimi ko‘chani ta'mirlash uchun jami 25 mashina shag‘al olib kelib to‘kilgani haqida bizga axborot bergan edi.
Ko‘chani ta'mirlash uchun aholidan pul yig‘ildi, bu ishlarning barchasi aholining moddiy yordami evaziga bo‘layotgani, shag‘al olib kelgan har bir mashina uchun 80 ming so‘mdan yig‘ib berilishi bizni qattiq taajjublantirdi. Tuman hokimining ma'lum qilishicha, bu ishlarning yarmi aholi tomonidan, yarimi esa hokimiyat tomonidan moliyalashtirilmoqda. Bu bilan muammo hal bo‘ldimi? Tumanda bunga o‘xshash ko‘chalar boshqa yo‘qmi? Aholi bilan suhbat davomida fuqarolardan biri: “Agar pulni o‘zimizga berishsa, sifatliroq shag‘al olib kelib, ko‘chamizga to‘ktirar edik. Tuman hokimiga murojaat qilib nima qilardinglar, baribir barchasiga o‘zimiz balogardon bo‘ldik”, deb qoldi. Qolaversa, hisob-kitoblarga ko‘ra, bir mashina shag‘al o‘rtacha 10 metrga yetar ekan. 25 mashina shag‘al esa 250 metrga, ana keling 300 metrga yetsin, yo‘lning qolgan qismi nima bo‘ladi? Demak, tag‘in sifatsizlikka, ko‘zbo‘yamachilikka, aldamchilikka yo‘l qo‘yilgan.
Gaz ballonlari anqoning urug‘imi?
Jalaquduq tumaniga ilk marta borganimizda va odamlar bilan uchrashganimizda tuman hokimi Sh. Qamchiyev gaz balloni olmagan fuqarolarni ro‘yxat qilishni, birinchi navbatda, kam ta'minlangan oilalarga mana shunday ballonlar berilishini aytgan edi. O‘sha yerning o‘zida 37ta xonadonga gaz balloni yetkazish borasida qaror qabul qilindi. “Ertaga gaz ballonlari keladi”, deyilgan va'da oradan bir hafta o‘tib bajarildi, ammo... 37ta emas, 10ta ballon olib kelib beriladi. Biz qayta borayotgan kunimiz esa yana 10ta ballon odamlarga shosha-pisha tarqatiladi. Qolgan 17ta ballon mana uch haftadirki ehtiyojmand oilalarga yetkazilmadi. Yuz mingdan ziyod aholisi bor tumanga bor yo‘g‘i 37ta gaz balloni yetkazish shunchalik qiyin ishmi? Fuqarolardan birining aytishicha, o‘sha yerga yaqin Xo‘jaobod degan tumanda gaz ballonlari bilan umuman muammo yo‘q ekan. O‘ylashimizcha, O‘zbekistonning hech bir chekkasida gaz ballonlari bilan muammolar bo‘lmasa kerak. Nega endi jalaquduqliklar bundan aziyat chekishmoqda?
Xo‘p, ehtiyojmand oilalar bu yoqda tura-tursin, ammo boshqa oilalar-chi? Ularga gaz ballonlari berilmaydimi? Tuman hokimining bizga ma'lum qilishicha, gaz ballonlari erkin savdoda bor. Fuqarolarning aytishicha, uning narxi 250-270 ming atrofida. Bilishimizcha, bunday gaz ballonlari tuman gaz ta'minoti boshqarmasi tomonidan fuqarolarga ijaraga beriladi. Bundan tashqari, har oy gaz quyadigan mashina kelishiga nima deysiz? Gaz boru, ammo uni to‘ldirib oladigan idish yo‘q...
Toza ichimlik suvi tanqis hudud
Safarimiz davomida tumanda joylashgan Janubiy Olamushuk posyolkasiga bordik. Bu yer Qatortol anhori yoqasida joylashgan bo‘lib, yer osti boyliklari bilan juda mashhur hisoblanadi. Sobiq ittifoq paytida bu yerdan neft va tabiiy gaz zaxirasi topilgan. O‘sha davrda bu yerga mamlakatning turli chekkalaridan odamlar kelib, ishlash uchun joylashishgan va shunga muvofiq ko‘p qavatli uylar qurilgan. Biz borgan “Shodlik” mahallasida ham ana shunday uylardan to‘qqiztasi qad ko‘targan. U yerdagi muammo shundan iboratki, qandaydir sabablarga ko‘ra, toza ichimlik suvi o‘tmagan. Mahalla ahli suvni juda uzoq masofadan borib olib keladi. Bu esa, o‘z navbatida, odamlarga turli qiyinchiliklar tug‘diradi. U yerning aholisi biz bilan suhbatda bo‘lar ekan, keksalar suv tashishda qiynalishayotgani, ayniqsa, yuqori qavatlarda turuvchi fuqarolar uchun bu o‘ta og‘ir ish ekanligini aytib o‘tishdi.
Tuman hokimi vaziyatni tushuntirgan bo‘ldi. Uning aytishicha, bu aholi yashash posyolkasi yuqorida joylashgan va suv olib chiqish biroz qiyin, ammo shunga qaramay quvurlar olib kelib yotqizishni, har bir dom oldida suv chiqadigan qurilma o‘rnatishni, elektr energiyasi bor vaqtda toza ichimlik suvidan bemalol foydalanishlari mumkinligini va'da berdi. Ammo oradan uch hafta o‘tdiki, bu va'dalar bajarilishi kechikmoqda.
O‘sha yerda yashovchilar bilan qayta bog‘langanimizda, hali-hamon uzoqdan suv olib kelishayotgani, mahallaga qandaydir quvurlarning olib kelib tashlangani, qor ko‘p yog‘gani sabab ishlar boshlanmayotgani, yaqin orada hammasi yaxshi bo‘lar, degan umid bildirdi. Tuman hokimining aytishicha, hozirgacha uchta ko‘p qavatli uyning oldiga quvurlar olib kelingan, qolgan uylarning oldiga esa fevral yakuniga qadar quvurlar olib kelinadi va barcha uylarning oldida toza ichimlik suvi chiqadigan qilib qo‘yiladi. Hokim va'dani berdi, muddatni aytdi. Buyog‘iga kuzatishda davom etamiz. Chunki toza ichimlik suvi sog‘lom turmush tarzi kechirish uchun juda muhim vosita bo‘lib, undagi mavjud muammoni bartaraf etishni ortga surib bo‘lmaydi.
Barchasi yomon emas, masalan...
Jalaquduqda hamma ishlar ham aro yo‘lda emas. Davlatimiz rahbari tomonidan aholi farovonligini yanada oshirish, ularning turmush sharoitini yanada yaxshilashga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish ham ana shu yo‘lda qo‘yilgan katta qadamlardan biridir. Safarimiz vaqtida biz kirgan xonadonlardan birida oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan, to‘rt nafar farzandni o‘stirib, voyaga yetkazayotgan oila bilan yaqindan suhbatlashdik.
Hovlisining kichik bir yerida limonariya tashkil etgan ushbu oilaviy tadbirkorlar, borishimizdan ikki kun oldin bankdan berilgan imtiyozli kredit asosida 100ta tovuq olgani, ertasi kunning o‘zida 48ta tuxum olishganini sevinib gapirib berishdi. Oila bekasining aytishicha, u yon-atrofdagi do‘konlar bilan tuxum savdosi bo‘yicha allaqachon kelishib kelgan.
Xulosa qanday bo‘ldi?
Darhaqiqat, nafaqat Andijon balki respublikaning boshqa tumanlari va chekka qishloqlarida ham qishloq xo‘jaligini, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish qanchalik muhim omil ekanligiga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik. Zero, chekka qishloqlarda ishlab chiqarish, zavod va korxonalar hali qad rostlamagan bir paytda sharoitdan kelib chiqib, mana shunday ishlarni yo‘lga qo‘yilayotgani aholi moddiy ta'minotini yanada yaxshilaydi. Bunga tuman va viloyat hokimliklari ham xayrixoh. Faqat ozgina qunt va harakat bo‘lsa bas.
Qolaversa, mahalliy fuqarolarning aytishicha, tumanda ishlab chiqarish korxonalari, yanada ko‘p bo‘lsa, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadigan, qish vaqtida ishsiz o‘tiradigan odamlar uchun bu ham yangilik, ham daromad manbai, ham yangi mashg‘ulot bo‘lar edi.
Tuman hokimi bilan so‘nggi bor suhbatlashganimizda, o‘ziga xos yangilik haqida xabar berib qoldi. O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov viloyatga tashrif buyurgan va Jalaquduq tumani hokimi bilan muloqotda bo‘lgan. Vazir o‘rinbosari bir yil ichida Jalaquduq tumanidagi 26 km. yo‘l to‘liq ta'mirdan chiqarilishini ma'lum qilgan.
Andijon viloyatida joylashgan ushbu tumandagi mavjud muammolar, xususan, ayrim mahallalardagi yo‘llarning ta'mirlanishini, gaz ballonlariga ega bo‘lmagan odamlarga ularning yetkazib berilishini, ichimlik suvi tanqis hududlarda zarur tadbirlar ko‘rilishini, maktablarda turli to‘garaklar tashkil etilishini soha mutasaddilari, jumladan, viloyat hokimligi jiddiy qabul qilib, o‘z vaqtida bartaraf etishlariga umid qilamiz.
Mavzuga oid
10:40
Andijonda Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga savdo majmuasi, ko‘ngilochar markazlar qurish rejalashtirilmoqda
21:10 / 18.11.2024
Andijonda 1800 gektar yerning toifasi o‘zgartirilib, ishlab chiqarish majmualari quriladi
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
14:41 / 06.11.2024