Sport | 17:04 / 20.02.2017
18123
7 daqiqa o‘qiladi

Inglizcha ertak, Messi yana qutqaruvchi rolida, «Paxtakor»ning qovuni. Uikendning eng asosiy voqealari

Messining dubli «Barselona»ni navbatdagi muvaffaqiyatsizlikdan qutqarib qoldi. Garet Beyluch oylik tanaffusdan so‘ng safga qaytib, darhol samara keltirishni boshladi. Angliya kubogi chorak finalida Konte va Mourino qarama-qarshiligi yuzaga keldi. Tribuna.Uz uik-endning shu kabi eng e'tiborli voqealarini eslab o‘tadi.

Inqirozdagi «Barselona» va Messi

YeChLdagi sharmandali mag‘lubiyatdan keyin «Barselona» Ispaniya chempionatida ham o‘ta mazmunsiz o‘yin namoyish etdi. Faqatgina Messining sa'y-harakatlari evaziga jamoa liganing mutlaq debyutanti, autsayderini so‘nggi daqiqalardagina mag‘lubiyatga uchratishni uddaladi. Hamon yangi shartnoma bo‘yicha muammolar bo‘lishiga qaramasdan, Messi hozircha jamoasini murakkab vaziyatdan olib chiqib ketish uchun jon kuydirmoqda.

«Real»da esa barchasi izga tushib bormoqda. Uch oylik tanaffusdan so‘ng jamoaning eng qimmatbaho futbolchisi Garet Beyl safga qaytdi va qaytgan o‘yinidayoq gol urib jamoasining g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi. Bu bilan jamoaning muvaffaqiyatlari cheklanib qolmaydi. «Real» mana 42 uchrashuvdirki, raqiblar darvozasini ishg‘ol qilib kelmoqda. So‘nggi marta «Manchester Siti» 2016 yilning aprelida madridliklarga qarshi quruq o‘yin o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgandi.

Ispaniyada bu turda boshqa yetakchilar ham g‘alaba qozondi. Kevin Gameyroning 5 daqiqada qayd etgan super natijasi «Atletiko»ga g‘alaba keltirgan bo‘lsa, «Vilyarreal» so‘nggi daqiqadagi harakati evaziga uch ochkoni qo‘lga kiritdi. «Sevilya» esa «Barselona» va «Real»dan ortda qolib ketmaslik uchun navbatdagi muvaffaqiyatli yurishini amalga oshirdi.

Yana Mourino-Konte to‘qnashuvi

Premer-liga o‘yinlari haftalik ta'tilga chiqqan paytda Angliya kubogi nimchorak final uchrashuvlari o‘tkazildi. 136 yillik tarixga ega turnir bu safar ham o‘zining syurprizlari bilan ajralib turibdi. Amaldagi APL chempioni «Lester»ning quyi divizion jamoasiga bir kishi ko‘p bo‘lib ham yutqazishi, Gvardiola «Siti»sining chempionship vakilini yuta olmasligi...

Lekin eng asosiy sensatsiya shanba kuni kuzatildi. Kubok tarixida 103 yildan buyon kuzatilmayotgan natija ro‘y berdi. Kubok chorak finalida ilk marta havaskorlar ligasidan jamoa ishtirok etadigan bo‘ldi. Eng qiziq tomoni, agar bugun bo‘lib o‘tadigan «Satton» - «Arsenal» uchrashuvida «Satton» mo‘'jiza ko‘rsatib g‘alaba qozona olsa, Angliya futbolida misli ko‘rilmagan tarixiy voqea kuzatilishi mumkin. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, muhtasham «Uembli» mezbonlik qiladigan kubok yarim finalida ilk marta havaskor jamoa to‘p surishi mumkin. Chorak final qur'asi shunday imkoniyat ehtimolini taqdim etdi.

Darvoqe, qur'a haqida nimchorak finalda «Blekbern»dan ustun kelgan «MYu» chorak finalda «Chelsi» mehmoni bo‘ladi. Fantastik formaga kirgan Harri Keyn va «Tottenhem»ga bu safar ham nisbatan osonroq raqib duch keladi.

Inqilob arafasidagi Italiya
«Yuventus»ning navbatdagi g‘alabasidan keyin chempionlik uchun deyarli intriga qolmagan bir vaziyatda Italiya futbol Ittifoqi kutilmagan bayonot bilan chiqdi. Mamlakatda yangi mavsumdan boshlab videotakrorlar tizimidan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. FIFA ruxsat bersa bo‘ldi. 

Chempionlik uchun kurash kechmayotgan bo‘lsada, keyingi o‘rinlar, yevrokubok yo‘llanmalari uchun juda keskin raqobat yuzaga kelmoqda. Bu turda Maradonaga yaqinlashib qolgan Hamshik boshchiligidagi «Napoli», shuningdek «Roma», «Inter» va «Milan» jamoalarining barchasi g‘alaba qozondi. Buyog‘iga keskin raqobat kafolatlanmoqda.

Tarixga kirgan Belarabiy va taslim bo‘lmayotgan «Leyptsig»
Yevropa Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyatli yurishdan keyin «Bavariya» chempionatda muammoga duch keldi. Mojaroli uchrashuvda myunxenliklar «Herta» darvozasini 96-daqiqada ishg‘ol qildi. Vaholanki o‘yinga 5 daqiqa qo‘shib berilgandi. Bu berlinlik muxlislarga yoqmadi va ular jamoa bosh murabbiyini haqorat qilishdi. Hamisha og‘ir, bosiqligi bilan ajralib turadigan Karlo Anchelotti esa bu safar yoshiga yarashmaydigan qilig‘i bilan matbuotda nom chiqardi.

«Bavariya»ning ochko yo‘qotishidan «Leyptsig» unumli foydalandi. Hazenxtyuttl shogirdlari bu safar Myongxengladbaxdan g‘alaba bilan qaytdi. Shuningdek, bu turda Dortmundning «Borussiya»si ham muvaffaqiyat qozondi.

Bundesliganing asosiy voqeiligi esa juma tunida sodir bo‘lgandi. «Bayyer» futbolchisi Karim Belarabiy jamoasi g‘alaba qozongan o‘yinda, bundesligadagi yubiley golga mualliflik qildi.

Oqsayotgan peshqadamlar va «Nitstsa»

Fransiya chempionatining bu turida YeChLda ishtirok etayotgan ikki peshqadam ochko yo‘qotdi. «Monako» «Siti»ga qarshi uchrashuvdan oldin «Bastiya» mehmoni bo‘lib durang o‘ynagan bo‘lsa, «Barselona» bilan uchrashuvdan eyforiyada yurgan «PSJ» «Tuluza» uyida qabul qilib, nursiz natija qaytdi. Bundan esa «Nitstsa» foydalanib qoldi. Balotelli qizil kartochka olishiga qaramay, jamoa mehmonda g‘alaba qozondi. Endilikda peshqadam «Monako»dan «PSJ» va «Nitstsa» 3 ochkoga ortda qolmoqda. Chempionlik uchun kurash davom etadi.

O‘zimizda

Hafta oxiri nafaqat Yevropada balki O‘zbekistonga aloqador bo‘lgan qiziqarli voqealarga boy bo‘ldi. Temurxo‘ja Abduxoliqov Qatarda navbatdagi golini kiritdi. Terma jamoa tarkibida gol kiritishni unutib qo‘ygan Igor Sergeyev esa «Arsenal» Tulaga qarshi o‘yinda kulgili vaziyatga tushib qoldi. Eng asosiy muvaffaqiyatsizligimiz esa futbolda emas, so‘nggi vaqtlarda maqtana boshlaganimiz boksda kuzatildi. Olimpiada o‘yinlarining to‘rtta sovrindori bilan Qozog‘istonga tashrif buyurgan Uzbek Tigers mezbonlardan qaqshatqich zarba qabul qilib oldi.

Mavzuga oid