Inson uxlamasa nima bo‘ladi?
Davr o‘zgarishlari shunchalik tez sur'atlarda sodir bo‘lmoqdaki, insoniyat ko‘p narsaga ulgurish uchun uyqudan ham voz kechmoqda, uyqusizlik kasaliga duchor bo‘lmoqda. Bu esa, so‘nggi vaqtlarning haqiqiy bosh og‘rig‘iga aylanishga ulgurdi. Biz yoshligimizdanoq, uyqudan voz kecha boshlaymiz. Maktab, kollej, universitetdagi tahsildan so‘ng, ish, xizmat pog‘onalaridan ko‘tarilish orzu-istaklari… bularning bari qo‘shimcha sa'y-harakat bilan birga dam olish vaqtini qisqartirish, voz kechishni talab qiladi.
Qizig‘i shundaki, barchamiz uyquning zaruratini yaxshi tushunamiz, anglab turgan holda, amaliy chora ko‘rmaymiz. Balki, bunga uyqusizlik ortidan keladigan xavfni yaxshi anglamaslik sabab bo‘lar. Aytish joizki, bir haftalik kam uxlashning o‘rnini birdaniga to‘ldirishning iloji yo‘q. Chunki, inson organizmi boshqacha ishlaydi.
Tasavvur qiling, tinimsiz ishlagan kompyuter ham tobora nosozliklarni namoyon qila boshlaydi. Firewall viruslarni o‘tkazib yuboradi – buni esa oddiy qayta ishga tushirish bilan yo‘qotib bo‘lmaydi. Xo‘sh, uyqusizlik, uyquga e'tibor bermaslikning salbiy oqibatlari nimalardan iborat, u sizga va tanangiz sog‘lig‘iga qanday ta'sir ko‘rsatishi mumkin, hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
2000 yili Kaliforniya universiteti olimlari mantiqiy topshiriqlarni bajargan insonlarning bosh miyasini magnitli-rezonans tomografiya qilishdi. Tajriba natijasida ma'lum bo‘lishicha, bir kundan ortiq uxlamaganlar mantiqiy vazifalarni hal etish uchun, odatda, bu kabi masalalarni hal etadigan bosh miyaning orqa qismidan emas, balki peshonadagi qismidan foydalangan. Shu bilan bosh miya odatda foydalanmaydigan a'zolaridan foydalanish vositasida uyqusizlik o‘rnini to‘ldirishga uringan. Bu esa, tajribada bir necha soat mobaynida vazifani hal qila olmaganlarning yanada toliqishiga sabab bo‘lgan.
Uyqu yetarli bo‘lmasa ham hech narsa qilmaydi, deb o‘ylaydiganlar, kelajakda insult (bosh miyaga qon quyilishi)ga chalinish ehtimolidan xavotir olishsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yana o‘sha Kaliforniya universiteti sotsiologlarining bir necha ming keksa kishilar orasida o‘tkazgan tadqiqotiga ko‘ra, uyquga kam e'tiborli bo‘lganlarda insultga chalinish ehtimoli yuqori bo‘lgan. Bundan tashqari, Harvard Health Publications xodimlariga ko‘ra, kam uxlash qon bosimining doimiy ravishda baland bo‘lishi, ateroskleroz va yurak yetishmovchiligi kasalliklariga olib kelishi mumkin.
Uyqu diqqatni jamlash va xotira borasida muhim o‘rin tutadi. Shunday ekan, inson bir-ikki kun uxlamasligi uning ma'lum bir voqelikni keraklicha baholashiga salbiy ta'sir etadi. Chunki, inson miyasi takrorlanuvchi jarayonlar vositasida ishlaydi. U inson hayotida to‘plangan tajribaga juda ham bog‘liq. Uyquning yo‘qligi tufayli inson aqli «xotira banki»dan foydalanish imkonidan mahrum bo‘ladi. Sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar yangidan yuz berayotgandek qabul qilinadi. Shunga ko‘ra, vazifaga to‘liq diqqatni jamlash ham imkonsiz bo‘ladi.
Agar siz trenajyor zallarida mashg‘ulotlar o‘tkazib, parhez tutish barobarida yetarli uxlashga bee'tibor ekansiz, semizlikdan qutulishni orzu qilmasangiz ham bo‘ladi. Dam olishsiz inson tanasida somatotrop gormoni ishlab chiqarilishi susayadi. Uning tanqisligi, o‘z navbatida, taomlanish orqali qabul qilingan kaloriyalar mushaklarga emas, balki yog‘ hujayralariga aylanishiga olib keladi. Shu bilan birga, bolalarda uyquning yetarli bo‘lmasligi rivojlanishni ortga suradi.
Qanchalik g‘aroyib eshitilmasin, uyquning yetarli bo‘lmasligi qandli diabet kabi xavfli kasallikka duchor qilishi mumkin. Chikago universiteti olimlari shunday xulosaga kelishgan. Tungi uyqu va diabet o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik keyinroq aniqlandi. Biologlarning tajriba vositasida isbot qilishicha, uyquga e'tiborsizlik inson organizmining glyukozani o‘zlashtirish qobiliyatini susaytiradi.
Insonning uyqusizlik tufayli tashqi ko‘rinishi salbiy tomonga o‘zgarishi, unchalik ham xavfli narsa emas, albatta. Biroq, Sleep jurnali xodimlarining aniqlashicha, insonning ijtimoiy hayoti uning uyqusiga bevosita bog‘liqdir. Atrofdagilar kam uxlaydigan kishini turli kasalliklarga tez chalinuvchi kishi sifatida taniy boshlaydi. Shunday ekan, siz xizmat pog‘onalaridan ko‘tarilishni istasangiz, kuniga 14 soatlab ishlashni unutishga to‘g‘ri keladi.
Va nihoyat, uyqusizlikning eng xavflisi haqida. Ma'lum bo‘lishicha, tungi uyqu inson tanasining turli o‘simtalar paydo bo‘lishiga qarshi tabiiy kurashuvchanligini ta'minlaydi. Aniqroq aytganda, kuniga 6 soatdan kamroq uxlaydiganlar saraton kasalligiga chalinish bilan tavakkal qiladi. Albatta, xavfli kasallikning paydo bo‘lishi faqat uyquga bog‘liq emas. Ammo, uyqusizlik bu xastalik boshlanishiga aynan turtki berishi mumkin. Shunday ekan, uyquga bee'tibor bo‘lmang!